Bizga shunday filmlar kerak
“Ilhaq” filmi bolalik yillarimdagi koʻrgan kinolarimni xotiramda qayta jonlantirdi.
Munosabat
“Ilhaq” filmi bolalik yillarimdagi koʻrgan kinolarimni xotiramda qayta jonlantirdi. Bolaligi oʻtgan asrning oʻrtalariga toʻgʻri kelgan mening tengqurlarim shu mavzudagi filmlarni koʻrib ulgʻayishgan. Hozir OʻzTVning barcha kanallarini xorij va milliy sentimental seriallar egallab olganligidan norozilar ham, asosan bizning yoshimizdagilar ekanligining sababi ham shundan.
Bizning davrimizda eng qiziq kino urush haqidagilari edi. Televizor rivojlanmagan, internet yoʻq oʻtgan asrning oʻrtalarida qishloqqa kino kelsa, koʻpchilik “Urush haqida ekanmi?” deb soʻrardi. Kinodagi voqealarga taqlid “urush-urush” oʻynab, qahramonlarga havas bilan ulgʻayganmiz. Tezroq ulgʻayib harbiy xizmatga borishni intiqlik kutishlarimizga ham koʻrgan jangovar filmlarimiz koʻproq sabab boʻlgan.
Tarixda voqealar qanday yuz bergan boʻlsa, shunday oʻrganiladi. Oʻzbek xalqi uchun ham sobiq Sovet ittifoqi yagona Vatan boʻlgani, ikkinchi jahon urushida otalarimiz, bobolarimiz ana shu ittifoq tarkibidagi Oʻzbekistonni himoya qilgani ayni tarixiy haqiqat. Prezidentimiz Buyuk gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida xalqimizning gʻalabaga qoʻshgan hissasi hali toʻliq oʻrganilmaganiga toʻxtalib, Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani, urushda halok boʻlganlar ilgari qayd etib kelinganidek 396 ming nafar emas, aslida 538 mingdan ziyod boʻlgani haqidagi yangi maʼlumotlarni keltirib oʻtdi. Bundan tashqari, urushda koʻrsatgan jasorati uchun davlat mukofotlariga sazavor boʻlganlar haqida ham yangi maʼlumotlar aniqlanmoqda ekan.
Haqiqatan, Oʻzbekistonning ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki hali tarix kitoblarida ham, adabiyotimizda, sanʼatimizda ham toʻliq aks ettirilmagan mavzu. Shu oʻrinda Prezidentimizning taklifi bilan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida besh oʻgʻli urushda halok boʻlgan Zulfiya aya Zokirova oilasi haqida “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi bu ishda dastlabki muhim qadam boʻldi.
“Ilhak” filmida xalqimizning urushdagi ishtiroki haqidagi voqeani badiiy aks ettirish bilan bugungi avlodga vatanparvarlik qanday boʻlishi, uning ildizi qayerdan boshlanishi koʻrsatib berilgan. Buni joʻnroq qilib aytganda, ushbu film urushga qarshi har qanday uzundan uzun maʼruzalardan, minglab odamlar ishtirokida tashkil etiladigan sahna koʻrinishidagi tadbirlardan yuz chandon foydaliroq.
Bu filmni katta yoshdagi avlod vakillari ayniqsa, mamnuniyat bilan qarshiladi. Biroq mavzu har qancha qiziqarli, dolzarb boʻlishidan qaʼtiy nazar kinoning muvaffaqiyati uning badiiy darajasiga bogʻliq. Dunyo kinosining hamma janrlarini allaqachon koʻrib boʻlgan tomoshabinni, ayniqsa, yoshlarni qiziqtiradigan kino yaratish oson emas. Aniq hayotiy voqea asosida xalqimizning ikkinchi jahon urushidagi ishtirokini badiiy aks ettirgan “Ilhaq” filmi ijodkorlari bu murakkab vazifani muvaffaqiyatli bajara olgan.
Film syujeti aniq voqealar asosiga qurilgan, uning qahramonlari hayotda yashab oʻtgan odamlar. Hayot haqiqati filmning badiiy talqiniga mahorat bilan singdirib yuborilganki, kimdir buni urush haqidagi hujjatli film sifatida, kimdir urush haqidagi haqqoniy badiiy asar sifatida qabul qiladi. Aslida filmning muvaffaqiyati ham shunda: u koʻpchilik tomonidan katta qiziqish bilan tomosha qilindi.
Film ijodkorlari bu muvaffaqiyatga urush davrida xalqimiz boshiga tushgan qiyinchiliklarni, uning qahramoni hayotini oddiy oʻzbek oilasi misolida, oʻsha davr manzaralari tasviri, olisdagi daxshatli jang tasvirlari, qahramonlarning xarakterlarini toʻlaqonli va katta mahorat bilan oʻta ishonchli aks ettirish bilan erishgan. Shu oʻrinda matonatli oʻzbek ayoli Zulfiya aya Zokirova obrazini taniqli aktrisa Dilorom Karimova katta mahorat bilan ifodalab berganligi kinoning badiiy qiymatini oshishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Ogʻir urush davrida oʻgʻillarini urushga kuzatib, qora xat olgan mushtipar onalar bardoshi, yoshgina tul kelinchaklarning adoqsiz hijron azobi, insoniy, mehri, vafo va sadoqat Vatanga muhabbat bilan mushtarak tuygʻular bir oila aʼzolari hayoti misolida aktyorlar tomonidan ishonchli aks ettira olingan. Film fashizmning shafqatsiz basharasi, shaxsga sigʻinish davrining illatlarni ham oʻsha davrga voqealar orqali haqqoniy ochib beribdi.
Bu fikrlar oddiy tomoshabinning dilidagi gaplar. “Ilhaq” filmini toʻlaqonli baholash kinosanʼatkor, soha mutaxassislarining ishi albatta. Ammo yoshlarimiz Vatanimiz tarixini, xalqimizning ogʻir urush yillarida hayotini, qahramonliklarini bilishlari, ularda vatanparvarlik tuygʻularini oʻstirish uchun shunday kino juda ham zarur edi.
Ittifoq parchalanishi bilan sobiq tuzumni ommaviy tanqid qilishga berilish ortidan milliy manfaatimizga yot qarashlarni cheklash davomida baʼzi umuminsoniy maʼnaviyat bilan bogʻliq tarixiy qadriyatlarga ham putur yetkazildi. Ikkinchi jahon urushi haqidagi kinolarning, hatto oʻzbek xalqi vakillarining qahramonligini aks ettirgan milliy filmlarning ekranlardan yoʻqolishi ortidan ularning oʻrni xorijning maishiy, kriminal mavzudagi oldi-qochdi seriallari egalladi. Bu ayni maʼnaviy targʻibot ishidagi boʻshliqni yuzaga keltirdi.
Maʼnaviy, maʼrifiy tarbiya sohasidagi bu muammo kun tartibiga yangi kinoasarlar yaratish zaruriyatini allaqachon qoʻygan edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shunday zarur filmning dastlabkisi yaratildi. Endi tomoshabinlar kinoijodkorlardan bu oʻlmas mavzuda yangi asarlar kutishga haqli. “Ilhaq” shu yoʻldagi soʻngi urinish boʻlmaydi, deb umid qilamiz. Shunda, teleekanlarimizda xorij serillariga ehtiyoj ham kamayishi shubhasiz.