Biz ixtironi kashf etdik
Uzoq oʻtmishda Yevropada hind ziravorlari oltinga teng mahsulot sifatida baholangan.
Ixtiro va kashfiyot haqida gap ketganda ilgari mavjud boʻlmagan biror narsaning yaratilishini ixtiro, avvaldan maʼlum, biroq insonlar tomonidan olib borilgan yangi izlanishlar mahsulini kashfiyot deb nomlaymiz. Lekin qay tariqa ixtiro kashf etilishi mumkin? Axir u allaqachon ixtirochining mehnat mahsuliga aylangan-ku.
Uzoq oʻtmishda Yevropada hind ziravorlari oltinga teng mahsulot sifatida baholangan. Bozorlarda unga boʻlgan talab yuqori boʻlgan, ammo ushbu tovarni import qilish muayyan qiyinchiliklar evaziga amalga oshirilgan. Ayniqsa, XV asr oʻrtalarida Usmoniylar imperiyasi tomonidan Gʻarb va Sharqni bogʻlab turuvchi asosiy savdo yoʻllarining bosib olinishi Koʻhna qitʼa bozorlarida ziravorlar tanqisligiga sabab boʻldi. Natijada butun mintaqani “hind bezgagi” qamrab oldi. Bu esa buyuk geografik kashfiyotlar amalga oshirilishi muqarrarligiga ishora edi. Uning qanday boʻlganligiga tarix guvoh. Eʼtiborlisi, mazkur kashfiyotlar oqibati Yevropada avj olgan “kasallik”ni davolashga bevosita xizmat qilmadi, balki, yangi olam, buyuk kelajak sari eshiklarni ochib berdi.
Bugungi kunda butun dunyoda koronavirus keng avj olib minglab insonlar halok boʻlayotganligi, mamlakatlar iqtisodiyoti inqiroz yoqasiga kelib qolganligi ulkan ofat deb baholanmoqda. Shubhasiz, bu haqiqat, ammo mazkur jiddiy yoʻqotishlar aynan hayot tarzimizga yangicha yondashuv bilan qarashimiz lozimligini uqtirmoqda. Xususan, qisqa muddatda taʼlimning onlayn oʻqitish tizimiga oʻtilganligi bunga yaqqol misoldir.
Masofaviy taʼlimning afzalliklari
Oʻqituvchi va talaba oʻrtasidagi onlayn muloqot bir qancha qulayliklarga ega:
birinchidan, vaqtning tejalishi. Masofaviy taʼlim olish talabaga kun davomida oliygohda boʻlish majburiyatidan xalos etadi. Bu oʻz navbatida qisqa muddatda taʼlim olish barobarida talabaga qoʻshimcha mashgʻulot bilan shugʻullanishiga imkoniyat beradi;
ikkinchidan, xarajatlarning qisqarishi. Maʼlumki, oliygohda taʼlim olish talabadan ijara asosida yashash, yoʻl xarajatlari va shunga oʻxshash kundalik chiqimlarni talab etadi. Masofaviy taʼlim esa bunday xarajatlarni chetlab oʻtadi;
uchinchidan, oila bagʻrida yashash. Chekka-chekka qishloqlardan shaharga kelib tahsil olayotgan talaba yaqinlari davrasidan uzoq boʻlishi tabiiy. Inson esa tugʻilib oʻsgan maskani, qadrdonlarini sogʻinib yashaydi. Onlayn taʼlim talabaga ham ilm olish, ham oila davrasida boʻlish imkonini beradi;
toʻrtinchidan, taʼlimda masʼuliyatning oshishi. Olib borilayotgan darslarni turli insonlar, xususan, talabaning qarindoshlari kuzatib borishi mumkin. Oqibatda oʻqituvchi taʼlim sifatini yaxshilashga harakat qiladi. Talaba ham oʻz navbatida vazifalarga masʼuliyat bilan qaraydi.
Oʻzbekistonda ushbu sohada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi hamda bir qancha oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan muhim amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq shuni unutmaslik kerakki, masofaviy taʼlimning natijadorligi talabaning saʼy-harakati, uning mehnatiga bogʻliq. Qachonki talaba ilm olishga majburiyat emas, balki ehtiyoj sifatida qarasagina koʻzlangan maqsadga erishish mumkin. Aks holda bu tizim samarasiz boʻlib qolaveradi.
Hozirgi sharoitda pandemiya tahdidi kuchli boʻlsa-da, odamlar ortiqcha vahimaga berilmasdan uning taʼsiri ostida yuzaga kelayotgan ijobiy oʻzgarishlarni toʻgʻri anglab yetmogʻi joiz. Hayot doim oʻzgarishda ekan insonlar yangicha turmush tarziga moslashib bormogʻi lozim. Zero, masofaviy taʼlim ushbu jarayondan birgina misol, xolos.
Oybek Xidirov,
Toshkent davlat yuridik universiteti 3-kurs talabasi