Bitta chumoli 220 dollar: Keniyada chumoli kontrabandasi avj olmoqda (+video)
Tayvan muxolifati rahbari Si Szinpin taklifi bilan Xitoyga safarga tayyorlanar ekan, Sudanda RSF ishtirokidagi hujumlar yangi qurbonlarga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, Binyamin Netanyaxu Livan janubidagi harbiy amaliyotlarni kengaytirishni buyurdi. AQSHda Bank of America Epshteyn ishi bo‘yicha yirik kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lsa, Kavkazda Ramzan Qodirov tabiiy ofatlar sabab favqulodda holat joriy qildi. Afrikada noqonuniy chumoli savdosi xavotir uyg‘otmoqda, Shimoliy Koreya esa yangi raketa dvigateli sinovi bilan harbiy salohiyatini namoyish etmoqda.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/ARZ9tbCmf6Q?si=uLZndjB3TJwTpAHw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tayvan muxolifati rahbari Xitoyga boradi
Tayvandagi eng yirik muxolifat kuchlaridan biri — Gomindan rahbari aprel oyida Xitoyga tashrif buyuradi. Safar Si Szinpin taklifiga binoan amalga oshirilib, 7–12 aprel kunlari Pekin, Shanxay hamda Szyansuni qamrab oladi. Partiya bayonotida tashrif ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Bu jarayon Tayvanda mudofaa xarajatlarini oshirish masalasi muhokama qilinayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Sudanda qurolli hujum oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi
Sudandagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. RSF va ularning ittifoqchilari Janubiy Kordofan hududidagi Dilling shahrida aholi yashash joylarini o‘qqa tutdi. Oqibatda kamida 14 kishi, jumladan bolalar va ayollar halok bo‘ldi, yana 23 kishi yaralandi. Mutaxassislar vaziyatni Darfurdagi oldingi qonli voqealar bilan taqqoslamoqda.
Netanyaxu Livan janubidagi amaliyotlarni kengaytirishni buyurdi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat armiyasiga Livan janubidagi harbiy harakatlarni kengaytirishni topshirdi. U “G‘azo modeli”ni qo‘llash orqali xavfsizlik hududini kengaytirish niyatida ekanini bildirgan. Hozirda qo‘shinlar Litani daryosi tomon siljib bormoqda. To‘qnashuvlar keskinlashib, minglab odamlar o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Amerika banki Epshteyn qurbonlariga 72,5 mln dollar to‘laydi
Bank of America moliyachi Djeffri Epshteyn ishi bo‘yicha da’vogarlar bilan kelishuvga erishdi. Bank 72,5 million dollar kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgan. Da’vo bank Epshteynning shubhali operatsiyalariga yetarlicha e’tibor bermagani bilan bog‘liq. Shu orqali ishni sudgacha yakunlash maqsad qilingan.
Qodirov Chechenistonda favqulodda holat e’lon qildi
Ramzan Qodirov kuchli yog‘ingarchiliklar sabab Chechenistonda favqulodda holat joriy etilganini ma’lum qildi. Shali va Gudermes tumanlarida minglab uylar suv ostida qolgan. Yuzlab aholi evakuatsiya qilingan, ko‘plab ko‘prik va infratuzilma ob’ektlari zarar ko‘rgan.
Keniyada noqonuniy chumoli savdosi avj olmoqda
Keniyada noyob chumoli turlarining noqonuniy savdosi kuchaygan. Rift vodiysida joylashgan Gilgil shaharchasi bu bozor markaziga aylangan. Internetda ona chumolilar 220 dollargacha sotilmoqda. Mutaxassislar bu holat bioxilmaxillikka va qishloq xo‘jaligiga jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Shimoliy Koreya yangi raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazdi
KXDR yetakchisi Kim Chen In yangi qattiq yoqilg‘ili raketa dvigateli sinovini kuzatdi. Ta’kidlanishicha, u AQSH hududigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan qurollar uchun mo‘ljallangan. Yangi dvigatel tortish kuchi bo‘yicha avvalgilarga nisbatan ancha kuchli. Biroq mutaxassislar texnik ma’lumotlar ochiqlanmagani sabab bu da’volarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA