Bitiruvchilarga diplom topshirildi (+video)
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bitiruvchi yoshlarga mutaxassislik diplomlarini topshirish tadbiri tashkil etildi.
Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, ota-onalar, korxona va tashkilotlar mas’ullari hamda bitiruvchi yoshlar ishtirok etgan tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov va boshqalar so‘zga chiqdi va yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar, imtiyozlar haqida to‘xtalib, universitet va kombinat misolida ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasi kadrlar yetishtirishda nechog‘li muhim ahamiyat kasb etayotganligiga e’tibor qaratdi.
2025-2026 o‘quv yili universitet tarixida alohida o‘rin tutdi. Avvalo, universitetning 30 yilligi keng nishonlandi, fakultetlar soni 5 taga yetib, Zarafshon fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi, dual ta’lim tizimi rivojlantirildi hamda xalqaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Eng quvonarlisi, yaqinda universitet dunyoning “TOP-1000” talik universitetlari ro‘yxatidan o‘rin oldi, 6 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Bugungi kunda universitetda 11 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. 300 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi 24 ta bakalavriat va 23 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim bermoqda.
Oliygohda fan doktorlari soni 50 nafarga, falsafa doktori va fan nomzodi darajasiga ega professor-o‘qituvchilar soni 190 nafarga yaqinlashdi, umumiy ilmiy daraja 65 foizdan oshdi.
Yakunlangan o‘quv yilida universitetni jami 1 531 nafar talaba bakalavr darajasi bilan tamomladi. Ulardan 21 nafari imtiyozli diplomga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 88 nafar bitiruvchi magistr darajasiga ega bo‘ldi.
[gallery-30546]
– Energo-mexanika fakulteti 4-bosqichini tamomladim, – deydi Zoyirjon Ochilov. – Men 2022-yil Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetiga 1-bosqich talabasi bo‘lib kelgandim. Oddiy bir qishloqdan chiqqan bola, mana bugun 2026-yil 4-kursni tamomladim. Ungacha 4 yil mobaynida ko‘plab yutuqlarga erishdim. Undan tashqari Energo-mexanika fakulteti Yoshlar yetakchisi lavozimida ishladim, “Qalqon” jamoatchilik guruhi sardori lavozimida ishladim va “Ma’rifat maydoni” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldim. Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2-gidrometallurgiya zavodining 4-sexiga mexanik lavozimiga ishga kirdim. Bugungi magistr va bakalavrlarni bitirgan talabalarga hammasiga omad yor bo‘lsin.
Tadbirda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar hayajonli va taassurotga boy o‘tgan tadbirga yanada shukuh bag‘ishladi.
<iframe width="917" height="502" src="https://www.youtube.com/embed/LFsUvniYJCA" title="Bitiruvchilarga diplom topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA