Bitiruvchilar bandligi ta’minlanadi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon mashinasozlik institutining bitiruvchi talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Andijon shahridagi «Faw Truck» qo‘shma korxonasining yuk mashinalari ishlab chiqarish zavodida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatdagi avtosanoat tizimida faoliyat yurituvchi qo‘shma korxonalar rahbarlari, investorlar, institut o‘qituvchilari, bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim sifatini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish orqali yoshlarning malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratilayotganligi xususida fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek, bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash, bu boradagi mavjud imkoniyatlar atroflicha muhokama etildi.
– O‘tgan o‘quv yilida institutimizni jami 557 nafar yosh tamomlagan, – deydi Andijon mashinasozlik instituti rektori Umidjon Turdaliyev. – Shundan 495 nafari Andijon viloyatida istiqomat qiladi. Ana shu bitiruvchilar 385 nafarining bandligi ta’minlangan, 100 nafardan ortig‘i ayni paytda ishsiz. Ularni, joriy o‘quv yilida o‘qishni tamomlayotgan talabalarimiz bandligini ta’minlash bo‘yicha reja asosida ishlar olib borilmoqda.
[gallery-14024]
Darhaqiqat, joriy o‘quv yilida 17 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 670 nafar andijonlik yigit-qiz institutni tamomlashi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ularni ishga joylashtirish borasida sanoat, mashinasozlik korxonalari bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mazkur uchrashuv doirasida institut bitiruvchilariga turli korxonalar tomonidan 3 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Bitiruvchilarning ko‘pchiligi tavsiya etilgan bo‘sh ish o‘rinlarida ishlash istagini bildirdi.
Ochiq, samimiy tarzda o‘tgan uchrashuv-muloqot davomida viloyat hokimi bitiruvchi yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi. Mutasaddilarga institut bitiruvchilari – yosh mutaxassislar bandligini ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriq va takliflar berdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari