Bitiruvchi – 2021:kelajakning oydin yo‘lidan
Jizzax shahridagi “Umid” ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida bitiruvchilar, ota-onalar, jamoatchilik vakillari ishtirokida so‘nggi qo‘ng‘iroqqa bag‘ishlab tantanli tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz tarixida ilk bor bitiruvchi yoshlarga yo‘llagan tabrigida bildirgan ishonch va ezgu tilaklari olqishlab kutib olindi.
Bitiruvchilarni O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev tabrikladi.
Maktabda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlar o‘zining kelajagini yaratmoqda. Masalan, bugungi bitiruvchilardan biri Sunnatillo Yusupov 70 ta xalqaro oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirib hozirga qadar 7 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalariga muddatdan oldin talabalikka qabul qilindi.
– Prezidentimizning bitiruvchilarga tabrigini tinglab, tabrikdagi barcha ezgu tilaklar mening o‘g‘limga atalgandek xayajonlandim, – deydi Sunatilloning onasi Zulfiya Musulmonova. – Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, ilm-fan sirlarini ishtiyoq bilan o‘rganayotgan yoshlar orasida mening ham farzandim borligidan faxrlanaman. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatning kelajagi albatta porloq bo‘ladi.
– Men sinf rahbarlik qilgan 11-sinfni 26 nafar o‘quvchi a’lo va yaxshi baholarga bitirib, mustaqil hayot sari parvoz qilmoqda, – deydi ona tili o‘qituvchisi Muhayyo Karimova. – Prezidentimizning bitiruvchilarga tabrigida aytilganidek, “Ishonchim komil yangi O‘zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta’lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz”. Biz ana shu ezgu niyat bilan ta’lim va tarbiya berdik. O‘quvchilarimiz kelajakning oydin yo‘lidan borib, Prezidentimiz, xalqimiz va biz, ustozlarning ishonchini oqlaydi.
Bu yil Jizzax viloyatidagi 550 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini 18 ming 872 nafar yosh bitirib chiqayotir.
2020-2021 o‘quv yili 11-sinf bitiruvchilarning 114 nafari ILTS xalqaro sertifikatiga ega bo‘lishdi. Hozirda 9 nafar bitiruvchi muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.
2021-2022 o‘quv yilida respublika va halqaro sport musoboqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 40 nafar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga kirishga tavsiya etildi.
2020 yilda o‘quvchilarning ta’lim olishlari uchun sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida 24 ta ta’lim muassasasida yangi qurilish, kapital va mukammal ta’mirlash ishlariga 54 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. 2 ta maktab yangidan qurib ishga tushirildi. 22 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. 149 ta maktab joriy ta’mirdan chiqarildi.
Umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahamlash ishlari davom ettirilmoqda. 2021 yilning o‘tgan davrida investitsiya va davlat dasturlari doirasida 13 ta ta’lim muassasasida 127 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish, kapital va mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Bugun viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarida davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan yoshlarga zamonaviy ta’lim berishda amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
T.Beknazarov, J.Yorbekov(surat), O‘zA