Bishkek sammiti – SHHT makonida barqaror taraqqiyot va keng qamrovli diplomatiya maydoni
Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi, 25 yillik yubiley sammiti hamda “SHHT plyus” formatidagi kengaytirilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘lib turibdi.
Prezident Sadir Japarov raisligida o‘tgan sammit SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berishi kutilyapti.
Oliy darajali muloqotlarda yetakchi davlatlar rahbarlari, jumladan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon hamda boshqa a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar, xalqaro tuzilmalar delegatsiyalari qatnashmoqda.
Ushbu sammitda ko‘tarilgan masalalar xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tayanch doktoranti Gavharshodbegim Xolmatova O‘zAga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston SHHT faoliyatida hamisha faol, tashabbuskor va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan pozitsiya egallab kelmoqda. Rasmiy Toshkent mazkur xalqaro tuzilmani bloklarga bo‘linmagan, uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan hamda teng huquqlilik tamoyiliga tayanadigan nufuzli ko‘p tomonlama maydon sifatida qadrlaydi.
E’tiborli jihati, anjuman doirasida O‘zbekiston tomoni bir qator ustuvor vazifalarni ilgari surdi. Xususan, SHHTning tayanch yadrosi bo‘lgan Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqotni mustahkamlash, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish va Yevrosiyo bo‘ylab uzluksiz, xavfsiz multimodal tranzit yo‘laklarini barpo etish, boj jarayonini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va startap ekotizimini rag‘batlantirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish zanjirini barqarorlashtirish, terrorizm, ekstremizm, transchegaraviy kiber xavfga qarshi SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi imkoniyatidan to‘liq foydalanish singari muhim tashabbuslar taklif etilmoqda.
Tashrif dasturi nafaqat ko‘p tomonlama sammit majlislari, balki qator muhim ikki tomonlama uchrashuvlarni ham qamrab olgani bilan ahamiyatli. Davlatimiz rahbarining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan uchrashuvlarida oliy darajali kelishuvlar ijrosi muhokama qilinib, yangi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilyapti.
O‘zbekiston Prezidenti “VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari” ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Ushbu nufuzli tadbir SHHT makonidagi qardosh xalqlarning boy madaniy merosi, tarixiy ildizi va ko‘p asrlik do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bishkek sammitining o‘ziga xosligi va avvalgi anjumanlardan ajralib turuvchi asosiy jihatlari quyidagilar:
O‘tgan 25 yillik faoliyatni sarhisob qilish, yangilangan ko‘p qutbli dunyo sharoitida tashkilot faoliyatini takomillashtirish va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini qabul qilish. Shuningdek, ko‘p yil davomida muhokama bosqichida bo‘lgan transport loyihalari, xususan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi bo‘yicha amaliy harakatlar markaziy iqtisodiy drayverga aylangan.
Ta’kidlash joiz, Toshkent ilgari surayotgan tashabbuslar mamlakatning so‘nggi yillardagi iqtisodiy salohiyati va mustaqil, ko‘p qirrali tashqi siyosatining yaqqol ifodasidir. Nafaqat a’zo davlatlar, balki BMT Bosh kotibi, shuningdek AQSH Prezidentining mintaqa bo‘yicha maxsus vakili kabi xalqaro miqyosdagi tomonlar bilan muloqot o‘tkazilayotgani anjumanning global qamrovini ko‘rsatadi.
Oliy darajadagi siyosiy muzokaralar Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari bilan bir vaqtda tashkil etilishi SHHT makonidagi xalqlarning umumiy madaniy-tarixiy birligini namoyish etish uchun o‘ziga xos uyg‘unlik yaratdi. Yana bir muhim jihat shundaki, an’anaviy xavfsizlik va savdo masalalari bilan bir qatorda sun’iy intellekt, “yashil” energetika, kiber xavfsizlik va qishloq xo‘jaligi logistikasi kabi zamonaviy yo‘nalishlar asosiy o‘ringa chiqdi.
Sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, xususan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ekologiya, innovatsiya va xavfsizlik masalalari o‘rin oldi. Muzokaralar yakunida tashkilotning uzoq muddatli barqaror taraqqiyot strategiyasini belgilab beruvchi bosh siyosiy hujjat – Bishkek deklaratsiyasi hamda ko‘p tomonlama kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.
Umuman, Bishkek sammiti O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, pragmatizmi va keng qamrovli sheriklikka intilishini yana bir bor namoyon etdi. Mustaqilligimizning 35 yilligi nishonlanayotgan bir paytda davlatimiz rahbarining sammitdagi faol ishtiroki va ilgari surgan ilg‘or tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz milliy manfaatlarini mustahkamlash, balki butun SHHT makonida tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishi shubhasiz.
Go‘zal Sattorova, O‘zA