Birinchilik musobaqalari
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Namangan avtomobil maktabida “Harbiy vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida sportning o‘q otish turi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Namangan avtomobil maktabida “Harbiy vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida sportning o‘q otish turi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqada dastlab “Vatanparvar” tashkilotining Namangan avtomobil maktabi, viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi, “Vatanparvar” tashkiloti tuman va shahar kengashlari huzuridagi o‘quv sport-texnika klublaridan 130 dan ziyod sportchi o‘zaro bahslashdi.
Havo miltig‘idan o‘q otish bo‘yicha 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar va qizlar o‘rtasida Pop tumanidan Sardor Muhammadsoliyev, Namangan shahridan Alina Tarasova, o‘smirlar o‘rtasida Namangan shahri jamoasi a’zolari Abduxalil Abduvohidov va Muxtasar Tohirova g‘alaba qozondi.
Yoshlar va kattalar o‘rtasida havo to‘pponchasidan o‘q otishda Namangan shahri sportchilari Abdurashid Xudoyberdiyev va Komila Ishoqova barcha raqiblaridan ustun keldi.
Umumjamoa hisobida viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi birinchi, Namangan avtomobil maktabi ikkinchi va “Vatanparvar” tashkiloti Kosonsoy tumani kengashi uchinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur birinchilik doirasida viloyat, tuman, shahar hokimlari hamda viloyat korxona, tashkilot va muassasalari rahbarlari o‘rtasida havo miltig‘idan o‘q otish bo‘yicha ilk marotaba tashkil etilgan viloyat chempionati ham yuqori saviyada o‘tdi.
G‘olib va sovrindorlar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i hamda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.