Birdamlik va hamjihatlik mustahkamlanadi
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga mezbonlik qilish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rdi. Nihoyat, 15-16 sentyabr kunlari qadimdan turli millat vakillari uchun muloqot maydoniga, ilm-fan, madaniyat markaziga aylangan Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash kerakki, SHHTning yaratilish tarixida O‘zbekistonning tashabbusi beqiyos. Ushbu tashkilot o‘zida turli ijtimoiy, madaniy, siyosiy tuzilmaga ega davlatlarni bir maqsad va hamjihatlikka boshlovchi tashkilot hisoblanadi. Buni yildan yilga tashkilot iqtisodiy-siyosiy salohiyatining yuksalib borayotgani, a’zo davlatlar bilan hamkorlik qilishga, qolaversa, a’zo bo‘lishga qiziqayotgan davlatlar soni ortib borayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Umuman, tashkilotning umumbashariyligi shundaki, u davlatlar o‘rtasidagi totuvlikni, birdamlikni, o‘zaro ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy aloqalarni, savdo-sotiq hamda ko‘p tomonlama foydali bo‘lgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlab, rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida 80 dan ortiq yirik tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida 14 ta yangi konseptual hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. SHHT doirasidagi hamkorlik sohalarini mazmunan boyitish va institutsional kengaytirishga qaratilgan bu hujjatlar qatorida transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha SHHT strategiyasi, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturi, “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish kabi loyihalarni alohida ta’kidlash o‘rinli.
Tashkilotning eng ijobiy jihati shundaki, unga a’zo davlatlar rivojlanishi va qudrati qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar bir xil huquq va maqomga egadir. Qolaversa, “...ochiqlik, turli bloklardan holi ekanligi, boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik kabi xususiyatga ega”ligi bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda azim Samarqand shahri ushbu tashkilotning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun yangidan yuz ochdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ko‘rkam va hashamdor binolar, tarixiy majmualarning yanada sayqal topishi ko‘hna shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi, qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bo‘lib o‘tadigan sammitdan qanday natijalar kutilmoqda, O‘zbekistonga nima beradi, degan savol barcha yurtdoshlarimizni qiziqtirishi tabiiy.
Yuksak darajadagi ushbu yig‘ilish, shubhasiz, barcha a’zo davlatlar uchun har tomonlama foydali bo‘ladi. Ular o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni va rivojlanishning yangi tendensiyalariga zamin yaratadi. Zero, tinchlik, o‘zaro totuvlik va hamjihatlikda boshlangan hech bir ish besamar ketmaydi. Ishonamizki, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar yanada mustahkamlanadi. Pirovardida yurtimizning iqtisodiy, siyosiy salohiyati yuksaladi, jahon hamjamiyati o‘rtasidagi nufuzi ortadi. Eng asosiysi, mamlakatimiz taraqqiyotning yuqori pog‘onalari sari dadil odimlaydi.
Akramjon Yuldashev,
Andijon davlat universiteti rektori, professor
O‘zA