Bill Geyts pandemiya qachon tugashini bashorat qildi
Bundan avval Bill Geyts atrof-muhitning ifloslanishi ham insoniyatga COVID-19 pandemiyasi kabi katta zarar keltirishini aytgan edi.
Microsoft asoschisi Bill Geytsning taʼkidlashicha, bir qator mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi 2021-yil oxirida tugaydi. U Wired nashriga bergan intervyusida shu haqdagi fikrlarini bayon qildi.
Pandemiya mamlakatlarga bir necha trillion dollarlik iqtisodiy zarar keltirdi, biroq vaksina yaratishga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarni ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak. Milliarderning hisob-kitobicha, COVID-19ga rivojlangan mamlakatlarda 2021-yil oxirigacha, boshqa davlatlarda esa 2022-yil oxirida chek qoʻyiladi.
Microsoft asoschisining fikricha, pandemiya insoniyatni koʻp yillar orqaga uloqtirib tashladi. “2020-yil boshidagi holatimizga qaytgunimizcha yillar oʻtadi”, dedi u .
Bill Geyts virus tarqalishiga qarshi AQSH hukumati qoʻllagan choralarga baho berar ekan, odamlarning harakatlanishini cheklash juda kech joriy qilinganini aytdi. Milliarderning fikricha, AQSHda amalga oshirilayotgan testlarning aksariyati “mutlaqo yaroqsiz”.
Bundan avval Bill Geyts atrof-muhitning ifloslanishi ham insoniyatga COVID-19 pandemiyasi kabi katta zarar keltirishini aytgan edi.