“Bilimli yoshlar meni hayratda qoldirmoqda”
Xorijdagi maktablar Markaziy boshqarmasi (SFA)ning nemis tili bo‘yicha O‘zbekistondagi koordinatori Svetlana Lyubovina Vobkent tumanidagi 1-umumta’lim maktabida bo‘ldi.
Maktablarda nemis tili darslarining sifati bilan tanishish maqsadidagi tashrifi mobaynida Svetlana Lyubovina mazkur maktabning faoliyati, xususan, nemis tilini o‘qitish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Nemis tili mashg‘ulotlarini kuzatar ekan, o‘qituvchilarning o‘ziga xos til o‘rgatish metodikasi, o‘quvchilarning nemis tilini o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari uni behad quvontirganini alohida e’tirof etdi.
O‘z navbatida nemis tili o‘qituvchilariga o‘quvchilarni xalqaro imtihonga samarali tayyorlash bo‘yicha tegishli metodik maslahatlar berdi.

– Meni vobkentlik yoshlar hayratga soldi, – deydi Svetlana Lyubovina. – Ular men bilan bemalol nemis tilida suhbatlashishdi. Mening ularga havasim keldi. O‘zbekistonda shunday bilimli yoshlar borligi meni hayratda qoldirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri