Bilimdan boshlangan o‘zgarish
Ba’zan katta o‘zgarishlar balandparvoz shiorlardan emas, oddiy bir sinfxonadan, mahallada tashkil etilgan navbatdagi mashg‘ulotdan boshlanadi. Qo‘liga birinchi marta kompyuter tutgan ayol, o‘z mahsulotini bozorga qanday olib chiqishni o‘rganayotgan hunarmand, sun’iy intellekt imkoniyatlarini kashf etayotgan yosh yoki davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanishni o‘rgangan keksa inson... Bularning har biri bir qarashda alohida voqeadek tuyuladi. Aslida esa ularning barchasini yagona maqsad — inson kapitaliga sarmoya kiritish, bilim orqali hayot sifatini yaxshilash g‘oyasi birlashtirib turibdi.
Jizzax viloyatida hayot davomida ta’lim olish tamoyili asosida amalga oshirilayotgan “Jizzaxda ta’lim hududlari – bilim va imkoniyatlar maydoni” loyihasi aynan shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Qisqa vaqt ichida mazkur tashabbus navbatdagi ijtimoiy loyiha emas, balki mahallalarda bilimga ehtiyojni uyg‘otgan, odamlarning o‘z kuchi va imkoniyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan amaliy model sifatida namoyon bo‘ldi.
Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi tomonidan Germaniyaning Xalq universitetlari nemis assotsiatsiyasi (DVV)ning O‘zbekistondagi filiali kichik granti asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha uch oyga mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Jizzax shahri hamda Paxtakor tumanida “Ta’lim hududlari”ni tashkil etish orqali aholining hayot davomida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli, mediaviy va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashdan iborat.
Bu, avvalo, mamlakatimizda inson kapitaliga sarmoya kiritish, aholining kasbiy salohiyatini yuksaltirish va ta’lim orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat siyosati bilan hamohangdir. Shu ma’noda mazkur tashabbus davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida Jizzax shahrining “Kimyogar” hamda Paxtakor tumanining “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, ularga tutash hududlar aholisi uchun hayotiy va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulotlarga turli sohalar mutaxassislari jalb qilinib, “Tomorqadan samarali foydalanish”, “Hunarmandchilik – daromad manbai”, “Oilaviy muloqot ko‘nikmalari”, “Tadbirkorlik asoslari va biznes-reja tuzish”, “Moliyaviy savodxonlik”, “Tibbiy madaniyatni oshirish”, “Liderlik, muzokaralar va shaxsiy tashabbus”, “Kreditlar va ulardan foydalanish”, “Soliqlar va soliq imtiyozlari”, “Huquqiy savodxonlik” kabi hayotiy ahamiyatga ega mavzular qamrab olindi. Natijada 200 nafardan ziyod ishtirokchi o‘z bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.
[gallery-447954]
Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova loyihaning erishilgan natijalari haqida so‘z yuritar ekan, uning eng katta yutug‘i raqamlarda emas, odamlar hayotida namoyon bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
— Biz mahallalarga tayyor yechim bilan emas, avvalo ularning ehtiyojini tinglash niyati bilan kirib bordik. Shuning uchun ham har bir o‘quv mashg‘uloti, har bir kurs aynan odamlarning hayotiy ehtiyojidan kelib chiqib shakllantirildi. Bugun ishtirokchilarning bilim bilan birga o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi ortgani loyihaning eng katta natijasidir, — deydi Nodira Alimova.
Loyihaning eng ta’sirchan jihatlaridan biri esa avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamlaganidir. Shu maqsadda har ikki hududda uch avlod vakillarini birlashtirgan “Avlodlararo suhbat choyxonasi” tashkil etildi. Bu yerda moliyaviy savodxonlik, zamonaviy axborot texnologiyalari, oilaviy munosabatlar va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan nafaqat fikr almashildi, balki turli avlod vakillarining hayotiy tajribasi ham bir-birini boyitdi. Mazkur muloqot maydonlarida 60 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Zamonaviy mehnat bozori yangi bilim va yangi kasblarni talab qilmoqda. Shu ehtiyojdan kelib chiqib, Jizzax shahrida “Raqamli va innovatsion shakllar” yo‘nalishida sun’iy intellektdan foydalanish, tezkor axborot tayyorlash, foto va video kontent yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shuningdek, “Create & Market” dasturi doirasida tayyor va yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash hamda ularni bozorga chiqarish bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.
Paxtakor tumanida esa mazkur dastur bilan bir qatorda “StartUp Craft” yo‘nalishida zargarlik buyumlari, taqinchoqlar va sovg‘alar tayyorlash bo‘yicha professional kurslar o‘tkazildi. Bu mashg‘ulotlar natijasida 80 nafar xotin-qiz zamonaviy kasbiy malakaga ega bo‘lib, o‘z bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni egalladi.
Raqamli transformatsiya sharoitida aholining yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi bugungi kunning eng muhim talablaridan biriga aylanmoqda. Shu bois loyiha doirasida har ikki hududda davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish, onlayn to‘lovlarni amalga oshirish, mediasavodxonlik va kiberxavfsizlikka bag‘ishlangan maxsus treninglar tashkil etildi. Ularda 100 nafarga yaqin xotin-qiz ishtirok etib, raqamli makonda xavfsiz va samarali faoliyat yuritish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Bu esa ularning nafaqat kundalik hayotini yengillashtirdi, balki mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ham oshirishga xizmat qildi.
Erishilgan natijalarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan O‘quv festivali esa loyihaning oddiy hisoboti emas, balki bilimning amaliy samarasi namoyishiga aylandi. Unda kasbiy kurs ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasi, bitiruvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi, muvaffaqiyatli ishtirokchilarning hayotiy hikoyalari hamda folklor jamoalarining badiiy chiqishlari namoyish etildi. Eng muhimi, festival maydonida namoyish etilgan har bir mahsulot, har bir g‘oya va har bir tabassum ta’lim inson taqdirini o‘zgartira olishining amaliy isbotiga aylandi.
Festival doirasida o‘tkazilgan “Ta’lim hududlari – bilim, kasb va hamkorlik maydoni: barqaror rivojlanish uchun innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi davra suhbati loyihaning mazmun-mohiyatini yanada teranroq ochib berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishda ta’lim va kasb-hunar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U inson kapitaliga sarmoya kiritish, xotin-qizlarni zamonaviy kasb va ko‘nikmalar bilan qurollantirish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etib, mahallalarda yo‘lga qo‘yilayotgan ana shunday tashabbuslar ayollarning bandligi, daromadi va ijtimoiy faolligini oshirishga mustahkam zamin yaratayotganini alohida e’tirof etdi.
Davra suhbatida Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova loyihaning erishilgan natijalari va uning barqaror davomiyligi haqida so‘z yuritar ekan, amalga oshirilgan ishlar ortida eng avvalo inson manfaati turganini ta’kidladi.
— “Ta’lim hududlari” loyihasi qisqa muddatli tadbir sifatida emas, mahallalarda hayot davomida ta’lim muhitini shakllantirishga qaratilgan barqaror model sifatida yaratildi. Biz har bir mashg‘ulot orqali odamlarga faqat bilim emas, o‘z imkoniyatini kashf etish, o‘z mehnati bilan barqaror daromad topishga ishonch ham berishga harakat qildik. Bugun erishilgan natijalar bu yo‘lning to‘g‘ri tanlanganini tasdiqlamoqda, — deydi Nodira Alimova.
Davra suhbatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining Jizzax viloyati bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi Jizzax viloyati boshqarmasi hamda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Jizzax viloyati bo‘limi vakillari tomonidan kasbiy ta’lim, inklyuziv rivojlanish, hunarmandchilik, ayollar tadbirkorligi va barqaror bandlikni ta’minlashga doir ma’ruzalar taqdim etildi.
Shuningdek, Jizzax shahar hamda Paxtakor tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari ham “Ta’lim hududlari” loyihasi hududlarning real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllangani, uning amaliy natijalari va kelgusida barqaror davom ettirish mexanizmlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning taklif va mulohazalari asosida istiqboldagi vazifalar belgilab olindi, loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etgan hamkor tashkilotlar hamda trenerlar taqdirlandi.
Bugun Jizzaxda amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: taraqqiyotning eng mustahkam poydevori binolar yoki inshootlar emas, balki bilimli, tashabbuskor va o‘z kelajagini o‘zi yarata oladigan insonlardir. Hayot davomida ta’lim olish tamoyiliga asoslangan “Ta’lim hududlari” aynan shunday insonlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Zero, mahallaga kirib kelgan bilim — bir insonning taqdirini, bir insonning o‘zgarishi esa butun jamiyatning kelajagini o‘zgartiradi. Ana shu ma’noda Jizzaxda barpo etilayotgan ta’lim hududlari bugungi kunning muvaffaqiyatli ijtimoiy loyihasigina emas, balki mamlakatimizda inson kapitali va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladigan hayotiy tajriba, amaliy maktab va kelajakka yo‘naltirilgan muhim model sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA