Bilim, tajriba va hamkorlik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi
Jizzax viloyatining olis Arnasoy tumanidagi 20-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminar mazmun-mohiyati va qamrovi bilan oddiy mahalliy tadbir doirasidan chiqib, ta’lim sohasidagi ilg‘or xalqaro muloqot maydoniga aylandi. Ingliz tilida olib borilgan mashg‘ulotlar, xorijiy va mahalliy pedagoglar hamkorligi mazkur tashabbusni respublika va hatto xalqaro ahamiyatga ega voqelik sifatida namoyon etdi.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim samaradorligini oshirishda refleksiv yondashuv va ijtimoiy-emotsional ta’limni uyg‘unlashtirish mavzusiga bag‘ishlangan seminarda Jizzax vohasi maktablarining ingliz tili o‘qituvchilari faol ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy pedagogik yondashuvlarni chuqur o‘zlashtirish, ularni amaliyotga samarali joriy etish hamda turli tajriba va maktablarni bir nuqtada birlashtirishdan iborat bo‘ldi. Ayniqsa, xalqaro o‘qituvchi ishtirokidagi darslar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Seminar Pedagogik mahorat markazi metodistlari Mahkam Quvvatov, Nargiza Mirzabekova va Nargiza Ahmedovalar hamda 20-maktab o‘qituvchisi Sardor Norqulov, filippinlik xalqaro mutaxassis Lorenzo Taguinod Yesparas tomonidan ingliz va o‘zbek tillarida olib borildi. Bu esa ishtirokchilarga nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratdi.
Mashg‘ulotlar davomida refleksiv o‘qitish usullari, o‘quvchilarning ijtimoiy-emotsional rivojini qo‘llab-quvvatlash, dars jarayonida interaktiv va hamkorlikka asoslangan yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Ta’lim sohasidagi xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijtimoiy-emotsional ta’lim(SEL)ni dars jarayoniga integratsiya qilish o‘quvchilarning nafaqat akademik natijalari, balki muloqot, jamoada ishlash va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini ham sezilarli darajada rivojlantiradi.
Qayd etish joiz, mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Unda ta’lim jarayoniga xalqaro standartlarni joriy etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va o‘qituvchilar malakasini oshirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berilgan.
[gallery-28599]
Arnasoydagi mazkur seminar ana shu vazifalar ijrosining amaliy ifodasi bo‘ldi. Eng chekka hududda ham xalqaro tajriba bilan hamqadam bo‘lish, ingliz tilida erkin muloqot muhitini yaratish orqali o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish mumkinligi yana bir bor isbotlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi, yangi g‘oya va yondashuvlar bilan boyidi.
Arnasoyda o‘tkazilgan ushbu seminar bir haqiqatni ochiq-oydin ko‘rsatdi: zamonaviy ta’lim uchun masofa tushunchasi yo‘q – bilim, tajriba va hamkorlik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari