“Beshinchi Ustozlar milliy forumi” ning viloyat bosqichi o‘tkazildi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Guliston shahridagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Beshinchi Ustozlar milliy forumi”ning Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan “Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida tashkil etilgan tadbir yangi o‘quv yili arafasida ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarni belgilash, erishilgan natijalarni sarhisob qilish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forumda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva, viloyatning 11 ta tuman va shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari, o‘qituvchilar hamda ta’lim sohasining faol vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni ochar ekan, Nargiza Xolboyeva mamlakatimizda ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarga sifatli va zamonaviy bilim berish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bugun ta’lim sohasidagi yangilanishlar o‘qituvchidan nafaqat o‘z fani bo‘yicha chuqur bilim, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallash, raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanish, har bir o‘quvchining qobiliyati va qiziqishini hisobga olish, mustaqil fikrlaydigan va ijtimoiy faol shaxsni tarbiyalashni talab etmoqda.
Ayni paytda Sirdaryo viloyatida 1 541 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 348 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 179 tasi esa maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Bu raqamlar ortida minglab pedagoglarning mehnati, yuz minglab bola va o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi, ularning ertangi kuniga daxldor ulkan mas’uliyat mujassam.
Forumda Sirdaryo ta’lim tizimida so‘nggi yillarda shakllangan natijadorlik va o‘quvchilarning xalqaro miqyosdagi yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Xitoyda o‘tkazilgan 67-Xalqaro matematika olimpiadasi — IMO–2026da O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan sirdaryolik ikki nafar o‘quvchi nufuzli musobaqada medallarga ega chiqishdi.
Yangiyer shahar ITMA IM o‘quvchisi Dostonbek Rahmonqulov olimpiadaning kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali o‘quvchisi Azizbek Mamajonov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Bu yutuqlar, avvalo, o‘quvchilarning izlanishi, ustozlarning fidoyiligi, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi hamda iqtidorli yoshlar bilan ishlashning samarali tizimi natijasidir.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalqaro olimpiadalarda yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, IMO–2026da kumush medalga sazovor bo‘lgan Dostonbek Rahmonqulovga 618 million so‘m, uning ustoziga 103 million so‘m, bronza medal sohibi Azizbek Mamajonovga 412 million so‘m, uning ustoziga esa 61,8 million so‘m miqdorida pul mukofoti berilishi belgilangan. Shuningdek, ustozlarning malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi.
Sirdaryolik yoshlarning xalqaro maydondagi bunday muvaffaqiyatlari viloyatda iqtidorli o‘quvchilarni erta aniqlash, ularni fan olimpiadalariga maqsadli tayyorlash va pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlar samaradorligini ko‘rsatmoqda.
[gallery-30974]
2026-yilning birinchi yarim yilligida viloyatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 82,3 foizga, ya’ni 71 164 nafar bolaga yetkazildi. Olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasi esa 95,2 foizni tashkil etdi.
Yarim yil davomida 66 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 2 697 ta o‘rin yaratildi. Yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim qamrovini 84,9 foizga yetkazish va jami 3 070 ta yangi o‘rin yaratish ko‘zda tutilgan.
Bu jarayonlar maktabgacha ta’limni aholiga yanada yaqinlashtirish, bolalarni erta yoshdan sifatli ta’lim-tarbiya bilan qamrab olish va ularni maktab ta’limiga puxta tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Ta’lim sifati, avvalo, pedagogning bilimi, mahorati va kasbiy yondashuviga bog‘liq. Ayni paytda viloyat ta’lim tizimida 13 461 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 2 071 nafari oliy, 2 928 nafari birinchi, 3 140 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega. 2026-yilda oliy va birinchi toifali pedagoglar soni 5 020 nafarga yetkazildi. Shuningdek, 21 nafar pedagogning metodik ishlari respublika miqyosida ommalashtirildi. Chet tili o‘qituvchilarining 95 foizi tegishli til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlarga ega ekani ham sohaga qo‘yilayotgan yangi talablar amalda o‘z ifodasini topayotganidan dalolatdir.
Forumda pedagogning maqomi, uning kasbiy rivojlanishi, malakasini muntazam oshirib borishi va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishi ta’lim sifatini yuksaltirishning muhim omili sifatida qayd etildi.
Sirdaryolik o‘quvchilarning respublika va xalqaro miqyosdagi natijalari ham ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. 2025/2026 o‘quv yilida asosiy fan olimpiadalarining respublika bosqichida viloyat o‘quvchilari 3 ta sovrinli o‘rinni egallashdi. Xalqaro fan olimpiadalarida esa sirdaryolik o‘quvchilar 11 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Joriy yil bitiruvchilari 5 742 ta milliy va xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb uch barobar ko‘pdir. Shuningdek, 2026-yilda 318 nafar bitiruvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Ular orasida AQSH ning nufuzli universitetlariga katta miqdordagi grantlar asosida o‘qishga qabul qilingan sirdaryolik yoshlar ham bor. Bunday natijalar o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni mustaqil izlanishga yo‘naltirish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish va xalqaro standartlar asosida tayyorlash borasidagi ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
2025/2026 o‘quv yilida viloyatdagi 310 ta maktabda, ya’ni umumiy maktablarning 99 foizida yangi baholash tizimi joriy etildi. Yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2026-yilda viloyatdagi 44 ta maktab va 20 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlarga 485,591 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sinf xonalari va zarur infratuzilmani yaratish o‘quvchilar uchun munosib ta’lim sharoitlarini ta’minlash bilan bir qatorda, pedagoglarning samarali ishlashiga ham xizmat qiladi.
Forum doirasida yangi darsliklar, o‘quv-metodik materiallar va sinf jihozlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Ishtirokchilar mazkur vositalar bilan yaqindan tanishib, ulardan ta’lim jarayonida samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashdilar.
Ustozlar milliy forumining muhim jihatlaridan biri — pedagoglarning o‘zaro tajriba almashishi, samarali ish usullarini ommalashtirish va yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatidir.
Muloqotlar davomida o‘qituvchilar dars jarayonida qo‘llayotgan zamonaviy metodlar, ta’lim-tarbiyadagi samarali yondashuvlar, raqamli texnologiyalardan foydalanish, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash tajribalari hamda yangi tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdilar.
— Bugungi kunda ta’lim tizimida yuz berayotgan yangilanishlar, zamonaviy o‘qitish metodikalari, yangi avlod darsliklari va pedagoglarga qo‘yilayotgan talablar o‘qituvchilardan doimiy izlanish, o‘z ustida ishlash va kasbiy mahoratini muntazam oshirib borishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Ustozlar milliy forumining ahamiyati katta. Bunday tadbirlar pedagoglarni bir maydonga jamlab, ta’lim sohasidagi so‘nggi o‘zgarish va yangiliklarni muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda o‘zaro fikr almashish uchun keng imkoniyat yaratadi. Eng muhimi, forum doirasida bildirilgan fikr va tavsiyalar, o‘rganilgan ilg‘or tajribalar kelgusida ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etilib, ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi, — deydi Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ta’lim-tarbiya yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Xilola Nazarbekova.
Forumda 2026-yilning ikkinchi yarmida Sirdaryo viloyati ta’lim tizimi oldida turgan vazifalar ham belgilab olindi. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovini 84,9 foizga, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushini 40,2 foizga, milliy va xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglar sonini 4 000 nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, 112 ta ta’lim tashkilotini akkreditatsiyadan o‘tkazish, 4 200 nafardan ortiq pedagogni attestatsiyadan o‘tkazish hamda 1 391 nafar pedagogning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Ta’lim sifatini yanada oshirish, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash samaradorligini yuksaltirish, fan olimpiadalariga tayyorgarlik tizimini kuchaytirish, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini yaxshilash, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, raqamli ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yangi o‘quv yilidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Tadbirning tantanali qismida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilaridan tashkil topgan badiiy jamoalarning musiqa, qo‘shiq va raqsdan iborat chiqishlari namoyish etildi. Yosh iste’dod sohiblarining chiqishlari forum ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ta’limning ma’naviy-ma’rifiy jihatlari ham muhim ahamiyatga ega ekanini namoyon etdi.
Darhaqiqat, zamonaviy ta’limning maqsadi faqat o‘quvchiga bilim berish bilan cheklanmaydi. Asosiy vazifa — chuqur bilim va zarur ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, ijtimoiy faol, vatanparvar va raqobatbardosh avlodni tarbiyalashdan iborat. Bu esa, birinchi navbatda, o‘z kasbiga sadoqatli, yangilikka intiluvchan va har bir o‘quvchining salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qodir ustozlarni talab etadi. Shu ma’noda, “Beshinchi Ustozlar milliy forumi” Sirdaryo viloyati ta’lim tizimida erishilgan natijalarni sarhisob qilish, mavjud imkoniyat va vazifalarni muhokama etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda yangi o‘quv yili oldidan aniq maqsadlarni belgilab olish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Tadbir yakunida forumda faol ishtirok etgan 262 nafar umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisiga sertifikatlar topshirildi.
Eng muhimi, forumda yangragan fikr va g‘oyalar, bildirilgan takliflar hamda ilg‘or pedagogik tajribalar yangi o‘quv yilida ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etilib, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, pedagoglar salohiyatini yuksaltirish va Sirdaryo ta’limini yangi marralarga olib chiqishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat)
O‘zA