Bepul kontentlar zamonaviy kitoblarning asosiy raqobatchisi bo‘ladi
Zamonaviy kitoblarda faqat bitta raqobatchi bor, u ham bo‘lsa raqamli platformalar orqali tarqatilayotgan bepul kontentlar, deydi Moskva xalqaro kitoblar yarmarkasi doirasida bo‘lib o‘tayotgan konferensiyada ishtirok etayotgan mutaxassislar.
Masalan, Rossiyaning "Eksmo-AST" noshirlik guruhi bosh direktori Yevgeniy Kapevning fikricha, nashriyotlar "Yandeks", Facebook, Instagram kabi raqamli platformalar tomonidan kuchli raqobatga duch kelmoqda. Ushbu ma’lumot manbalari kitoblarga kuchli raqobatchi sifatida ko‘rilmoqda. Tabiiyki ularda bepul kontentlar miqdori ko‘paymoqda. Buni "Yandeks. Dzen" internet-servisida ham ko‘rish mumkin. Ularda juda katta miqdorda bepul kontentlar e’lon qilinmoqda. Bu esa kitob bozoriga jiddiy bosim o‘tkazmoqda", — deydi Kapev konferensiyada.
Ekspert hozirgi zamon odamlari kam o‘qiydi, degan gaplarga ham ishonmasligini ma’lum qildi. Uning fikricha, hozir odamlar juda ko‘p vaqtini kitob o‘qishga emas, balki bepul kontentlarni o‘rganishga sarflamoqda.
"Haqiqatan ham odamlar bir kunda taxminan sakkiz soat o‘qiydi. Muammo shundaki, ushbu sakkiz soatdan ular ko‘pi bilan yarim soatini kitob o‘qishga sarflamoqda. Odamlarni shunchaki o‘qishga emas, balki aynan kitob o‘qishga majburlash kerak", — deydi ekspert.
Kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish uchun, nashriyotlar va mualliflar kitob nashr qilish bozoriga boshqacha ko‘z bilan qarashi lozim. Kitoblarni bepul kontentlarga qaraganda yanada qiziqarliroq va jozibador qilib chiqarish kerak, deydi Kapev.