Bekobod xalqaro musobaqaga mezbonlik qildi
Bekobod shahrida karate WKF bo‘yicha “LI DA METALL TECHNOLOGI CUP” 5-xalqaro musobaqasi yuqori sport ruhida o‘tkazildi.
Ikki kun davomida turli hududlar va qo‘shni davlatlardan jamlangan 1 ming 500 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun tatamiga chiqib, o‘z mahorati va irodasini namoyish etdi.
Nufuzli musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlaridan, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston Respublikalaridan kelgan qatnashchilar turli yo‘nalishlarda o‘z kuch va mahoratini sinovdan o‘tkazib, g‘oliblik uchun murosasiz bahs olib bordi. Musobaqada sportning para-karate yo‘nalishi bo‘yicha ham bellashuvlar tashkil etildi.

Xalqaro musobaqaning o‘tkazilishi sportchilar uchun tajriba almashish, o‘z mahoratini yana bir bor namoyon etish va xalqaro maydonda raqobatlashish imkonini berdi. Shuningdek, yosh sportchilarning yirik musobaqalarda ishtirok etishi ularning sport tajribasini oshirishga xizmat qildi.
Musobaqa doirasida Bekobod shahar hokimi Narimonjon Ismoilov ham ishtirok etib, sportchilar bilan uchrashdi. U barcha ishtirokchilarga sportda yangi yutuqlar, musobaqalarda muvaffaqiyat va kelgusi bellashuvlarda omad tiladi. Ta’kidlanganidek, xalqaro miqyosdagi bunday bellashuvlar sportchilar uchun mahorat va tajribasini sinovdan o‘tkazish barobarida, karate sportini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Shu tariqa, “LI DA METALL TECHNOLOGI CUP” 5-xalqaro musobaqasi Bekobodda karate sportining ommaviyligini oshirish, sportchilarning mahoratini yuksaltirish va xalqaro sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Yakunda g‘olib sportchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Musayev,O‘zA