Bayrog‘imiz – g‘urur va faxrimiz timsoli
Vatan ramzlari doimo ulug‘ va muqaddas sanalgan. Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulug‘ maqsad yo‘lida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida e’zozlangan.
Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli oʻtmishi va buyuk kelajagi, asriy anʼana va urf-odatlarini oʻzida aks ettirgan.
Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga 33-yil toʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrogʻi – mamlakat suverenitetining ramzi boʻlib tarixdan oʻrin egalladi.
Ayni paytda yurtimiz boʻylab ushbu sana munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Sana munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayram saylini Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova ochib berdi.
Tadbirda yurtimiz bayrogʻi nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzi, balki xalqimizning, shu yurtda tugʻilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan turli millat va elatlarning tinchligi, hamjihatligi timsoliga aylangani, u yurtdoshlarimizga faxr-iftixor tuygʻusini baxsh etib, ularni tinchlikka, ezgulikka, ertangi kunga umid va ishonchini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muqaddas ramz ekani taʼkidlandi.

Davlat madhiyamiz yangrab, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi moviy osmon sari koʻtarildi. Har bir kishi qalbida Vatanga boʻlgan muhabbat, milliy qadriyatlarni oʻzida aks ettirgan davlat ramzlariga boʻlgan cheksiz hurmat mustaqil, ozod va obod, jannatmakon Oʻzbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarni bir maqsad sari birlashtirib, koʻksimizni faxr va iftixorga toʻldiradi.
Bayram tadbirida talabalar tomonidan sheʼr-qoʻshiqlar ijro etildi, tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga sahna koʻrinishlari havola etildi. Ayniqsa, davlat mukofoti va stipendiyalari sovrindorlari boʻlgan iqtidorli talabalarning chiqishlari barchaga manzur boʻldi.
Akademiya foyesi boʻylab fakultetlar tomonidan joylashtirilgan hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasi, milliy taomlar namoyishi yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Taʼkidlash joiz, mazkur bayram tadbiri bilan bir qatorda, “Yoshlar oyligi” doirasida talabalar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari boʻyicha “Rektor kubogi” bellashuvlari oʻtkaziladi. Talabalarning bilim doirasi, tafakkurini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual oʻyinlari muntazam tashkil etiladi.
Talabalar saylida “Eng faol va kreativ jamoa”, “Eng yaxshi bezatilgan joy”, “Eng quvnoq oʻyinlar tashkilotchisi”, “Eng yaxshi bezatilgan dasturxon” hamda “Eng faol ishtirokchilar jamoasi” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar taqdirlandi.
N.Usmonova,
OʻzA