Bayrog‘im - faxrim, g‘ururim
Davlatimiz bayrog‘i - bu Vatanimiz mustaqilligining timsoli bo‘lib, o‘zida butun O‘zbekiston xalqining g‘ayrati va shijoatini mujassam etgan.
18 noyabr - “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligining 31 yillligi munosabati bilan turli tadbirlar, davra suhbatlari va tanlovlar tashkil etilmoqda.
Sana munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan Navoiy shahar madaniyat va san’at maktabi rassomchilik yo‘nalishi o‘quvchilari o‘rtasida “Bayrog‘im - faxrim, g‘ururim” shiori ostida rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovda 50 nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etib, ular o‘z ijodiy ishlarida Davlatimiz bayrog‘ini tinchlik timsoli, Vatanimiz g‘ururi va faxri sifatida tasvirladilar.
Tanlov yakunida hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, birinchi o‘ringa 11-sinf o‘quvchisi Marjona Ahadova loyiq deb topildi.

– Men o‘zim chizgan Davlatimiz bayrog‘i timsolida yaxshilik, tinchliksevarlik, beg‘uborlik va soflikni, orzular tozaligi va ichki go‘zallikka intiluvchanlikni, navqironlik, tabiat bilan uyg‘un yangilanib borishlikni tasvirladim. Bayrog‘imdagi yulduzlar tasviri esa o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z ona yerida saodatga intilishi ramzi sifatida tasvirlangan, – deydi yosh rassom M.Ahadova.
G‘olib va sovrindorlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Tadbir so‘ngida yakka yolg‘iz keksa va nuroniylar holidan ham xabar olindi.
Jumladan, Karmana tumanidagi “Arg‘un” mahallasida yashovchi 85 yoshli faxriy o‘qituvchi, 47 yil bir maktabda o‘quvchilarga saboq bergan Himmatullo Raxmatov xonadoniga tashrif buyurilib, nuroniy otaxon bilan dildan suhbat qurildi. Bayram munosabati bilan otaxonning ko‘ksiga bayrog‘imiz tasvirlangan lenta taqilib, fondning esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA.