Bayram tadbiri bolajonlarga quvonch ulashdi
Navoiy shahridagi “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 136 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Mazkur dargoh Navoiy viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar va tuman IIB boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga biriktirilgan bo‘lib, ular muntazam ravishda o‘quvchilar holidan xabar olib turadi.
Yangi yil bayrami arafasida Navoiy shahridagi “Istiqlol” tantanalar uyida “Nurli maskan” maktab-internati o‘quvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayram dasturxoni atrofida bolajonlar qorbobo va qorqiz bilan kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushib, she’rlar aytdi.
Viloyat IIB tomonidan maktab-internatga televizor, sport bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan velotrenajyor, yugurish yo‘lakchasi, fitnes va voleybol koptoklari, bolajonlarga esa “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg‘alar karvoni” xayriya aksiyasi sovg‘alari, jumladan, brayl o‘quv qurollari jamlanmasi bolajonlar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida Navoiy shahridagi harbiy qismda bolajonlar uchun konsert dasturi namoyish etildi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov, viloyat hokimi Normat Tursunov, viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Azat Tasbayev ishtirok etib, bolajonlarni bayram bilan tabrikladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA