Bayram har bir xonadonga kirib bordi
Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida Navro‘z umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda, rang-barang tadbirlar va xalq sayllari bilan keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyom aholiga cheksiz quvonch va yuqori kayfiyat ulashyapti. Quvasoy va Marg‘ilon shaharlari, Bag‘dod, Beshariq, Yozyovon, Oltiariq, Qo‘shtepa, Quva hamda Rishton tumanlarida tashkil etilgan bayram tadbirlarida esa qo‘shni davlatlardan, boshqa xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlar, turli millat vakillari ishtirok etdilar. Navro‘z shodiyonlarining muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan doshqozonlarda sumalaklar qaynatilib, keksalar ishtirokida duolar qilinib, ezgu tilaklar va pok niyatlar bildirildi.


Bayram anjumanlarida davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, erishilayotgan ulkan natijalar va islohotlarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, jamiyatda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani alohida ta’kidlandi. Turli musobaqa va tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi. El sevgan san’atkorlar, yosh iqtidorlar, folklor jamoalari ishtirokida konsert dasturlari tashkil etildi.
“Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir” g‘oyasi farg‘onaliklarning qalbidan mustahkam joy oldi.


Muhammadjon Obidov, O‘zA