Bayram barcha oilalarga quvonch ulashmoqda
Mamlakatimizda mustaqilligimizning o‘ttiz yillik bayrami keng nishonlanmoqda. Shunday kunlarda nochorlar va ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularning dardiga malham bo‘lish eng yuksak fazilatlardan biri. Farg‘ona viloyatida nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston tumani hokimligi tashabbusi bilan navbatdagi xayrli tadbir amalga oshirildi.
Hokimlik vakillari tomonidan ko‘p yillar davomida tumanning turli sohalarida mehnat qilib, hozirda nafaqada bo‘lgan nuroniy xizmatchilar, faol xodimlar, shuningdek, 500 nafar ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi.
Nafaqadagi davlat xizmatchilari, fidoiy fuqarolar hamda ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan oilalar vakillari bilan dildan suhbat qurilib, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bilan qutlandi.
Hamyurtlarimizning fidoiy xizmatlari hamisha qadrli ekanligi, kam ta’minlangan oilalar esa doimo e’tiborda ekanligi ta’kidlanib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
M. Sulaymonov, O‘zA