Bayram arafasida shartli ravishda ozod qilingan ayol
Ayol kabi nozik xilqatning jinoyat sodir etishi achinarli hol. Albatta, jinoyat sodir etib jazoga tortilib kelayotgan ayollar haqida tez-tez eshitib turamiz.
Jazolashdan maqsad ularni va boshqa shaxslarni kelgusida bu kabi jinoyatlarni sodir etmasligining oldini olish, axloqan tuzatish va ularni kundalik hayot tarziga qaytarishga ko‘maklashishdan iboratdir.
Qonunga ko‘ra, shaxs tayinlangan jazoning ma’lum qismini amalda o‘tab, o‘ziga tegishli xulosa chiqarib, mehnatga halol munosabatda bo‘lsa va belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilsa, jazodan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin.
Toshloq tumani, «Besarang» mahallasida yashab kelgan X.Mamadolimova 2017 yil 7 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining «a» bandi bilan aybdor deb topilib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2019 yil aprel oyida ozodlikdan mahrum qilish jazosining qolgan qismi yengilroq – axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida X.Mamadolimova axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tab, mehnatga halol munosabatda bo‘lib kelgan.
Sudning tashabbusi hamda Toshloq tuman IIB Probatsiya guruhining taqdimnomasi asosida 2021 yil 5 mart kuni X.Mamadolimova 1 yil 7 oy 11 kun axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan muddatidan avval shartli ravishda ozod qilinib, insonparvarlik taomili amalda qo‘llanildi. Qonun asosida unga yengillik berildi.
X.Mamadolimova sud majlisida qilmishidan qattiq pushaymon bo‘lgani va o‘ziga xulosa chiqarib olganini bildirib, boshqa qonunga xilof qilmishlar sodir etmasligiga va’da berdi.
8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir ayolga qonun yo‘li bilan ko‘mak ko‘rsatildi.
A.Akramov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Toshloq tuman sudining raisi.
D.Xoliqnazarova,
Farg‘ona viloyat sudining
sudyasi