Baxtsiz hodisalar qurboni bo‘lmang
Yoz fasli o‘zining jazirama kunlari bilan siylayotgan bir paytda beixtiyor odamlar soya-salqin joylarga talpinadi. Ayniqsa, bunday paytda suvda cho‘milish tanaga huzur bag‘ishlaydi. Farg‘ona viloyatida ko‘plab anhorlar, soylar va sun’iy suv havzalarining borligi kishiga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.
Afsuski, ko‘zlarimizga quvonch bag‘ishlaydigan bu manzaralar ayrim hollarda noxush voqealarga ham sabab bo‘ladi. Suvning tez oqishi, suv sathining chuqurligiga qaramasdan cho‘milish qoidalariga to‘liq rioya qilmaslik yoki umuman suzishni bilmaslik, yosh bolalarni qarovsiz qoldirish, taqiqlangan suv havzalarida cho‘milish oqibatida suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar sodir bo‘ladi.
Bu borada viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari joylarga chiqqan holda, cho‘milish oqibatida kelib chiqadigan baxtsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.
– Tabiiyki, yoz mavsumida ko‘pchilik yurtdoshlarimiz salqin joylarda, suzish havzalarida issiqdan saqlanishadi, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan Ahliddin Alijonov. – Albatta, yoz faslida suv tanga rohat bag‘ishlaydi. Faqatgina bunday hollarda belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilsak, bas. Bu borada boshqarmamiz tomonidan cho‘milish mavsumida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab profilaktik reyd tadbirlari, seminar-treninglar, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Birgina o‘tgan 2023 yil davomida viloyatning barcha shahar va tumanlarida ishchi guruhlar tashkil etilib, ularga tegishli soha vakillaridan mutaxassislar jalb etilgan. Mutaxassislar ishtirokida yil davomida ruxsat etilmagan joylarda 6453 marotaba profilaktik reyd tadbiri o‘tkazildi, 230 ta joyga, ya’ni sun’iy ko‘priklar, gaz va ichimlik suvi quvurlariga sun’iy to‘siqlar tashkil etilgan. Targ‘ibot va tashviqot tadbirlarida 2874 marotaba uchrashuv o‘tkazildi. Ming afsuski, olib borilayotgan shuncha sa’y-harakatlarga qaramasdan, fuqarolarimiz o‘rtasida suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar davom etmoqda. 2023 yil davomida viloyatda 8 nafar fuqaro suvda cho‘kish bilan bog‘liq bo‘lgan holatda hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 10 nafar fuqaro ana shunday baxtsiz hodisalarning qurboniga aylandi.
Suzishning inson salomatligiga foydasi katta. Muntazam suv sporti bilan shug‘ullanish ham jismonan, ham ruhan sog‘lom bo‘lishga yordam beradi. Ammo suv havzalariga borishdan avval u yerda cho‘milish taqiqlanmaganligiga, umuman, xavfsizlik qoidalariga e’tibor qaratish muhim.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri