Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman
Zulfiyaxonim ijodiga mansub she’r o‘qilmoqda. Go‘zal va latif misralar ohangrabosi ko‘ngillarni sel etadi:
E’zozlar, ardog‘lar uchun tashakkur,
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,
Baxtim shul – O‘zbekning Zulfiyasiman.
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida sevgi, sadoqat timsoli, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavallud kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman” deb nomlangan adabiy tadbir ishtirokchilari har bir inson qalbining tub-tubiga yetib boradigan, har qanday ko‘ngilni sel qiladigan ulug‘ shoira she’rlari sehridan sarmast bo‘ldi. Sahna to‘rida esa shoiraning ulkan portreti turibdi.
O‘zbekning ulug‘ shoirasi portretiga beixtiyor tikilar ekansiz: silliq taralib, oddiy turmaklangan sochlar, samimiy, ortiqcha pardozsiz chehra, o‘zlariga juda yarashiqli, shu bilan birga, sipo liboslar... Nazarimizda ana shu betakror suratning o‘ziyoq Zulfiyaxonimning abadiyatga muhrlanganligini ko‘rsatadi. Yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda Zulfiyaxonim hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirda so‘z olganlar tomonidan Zulfiyaning ibratli hayoti, serqirra faoliyati, betakror ijodi, shoira haqidagi barcha xotiralar shoiraning qalbi, ko‘ngli, so‘zlari, har bir qadami o‘zi tug‘ilgan, o‘zi tabarruk bilgan, o‘zi sevgan tuproq, shu yerda yashagan insonlar bilan chambarchas bog‘liq ekanligi alohida ta’kidlandi.
– Zulfiyaxonim she’riyatidagi oddiylik, hayotsevarlik ham aynan xalqimiz ruhiyatidan andozadir, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Muhayyo Ashurova. – Shoiraning har bir she’ri, har bir satrida xalqimizga, faqat xalqimizga xos fazilatlar go‘zal va o‘ziga xos satrlar orqali bo‘rtib ko‘rinadi. Eng muhimi, ushbu satrlar insonni ezgulikka, mehr-muhabbatga, yurtni ardoqlashga undaydi.
Tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan Zulfiyaxonim hayoti, ibratli faoliyati bilan bog‘liq sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shoira she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar tarannumi, shoira ijodidan o‘qilgan namunalar, unga atab yozilgan she’rlar barchaga manzur bo‘ldi.
– Ayol qalbi, vafo va sadoqat, bahor kuychisi bo‘lib tanilgan, o‘zbek she’riyatida tong yulduzi kabi chaqnagan, o‘zining go‘zal, dilga yaqin she’rlari bilan muxlislari qalbidan mustahkam joy olgan shoiraning hayoti va ijodi o‘zbek yoshlariga asrlar osha ibrat bo‘lib qoladi, – deydi Muhammad Yusuf ijod maktabi o‘quvchisi Rayyona Asronboyeva. – Biz, ayniqsa, ijodkor yoshlar hayotda, ijodda hamisha ulug‘ shoiramizdan ibrat olib yashashga intilamiz.
O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning tavallud kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar Andijon viloyatidagi barcha ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA