Baxshichilik: maroqli va mashaqqatli yoʻl
Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi juda boy va qadimiy. Keyingi yillarda xalqimizning orzu-umidi, ezgu maqsadi aks etgan xalq ogʻzaki ijodiga eʼtibor tubdan oʻzgardi.
Xalq ogʻzaki ijodi
Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi juda boy va qadimiy. Keyingi yillarda xalqimizning orzu-umidi, ezgu maqsadi aks etgan xalq ogʻzaki ijodiga eʼtibor tubdan oʻzgardi.
Yurtimizda xalqaro baxshichilik sanʼati festivali va koʻplab ilmiy anjumanlar oʻtkazila boshlangani, baxshichilik maktablari tashkil etilib, joriy yildan oliy oʻquv yurtlarida Xalq ijodiyoti: baxshichilik va dostonchilik fakultetlari ochilishi buning isbotidir.
OʻzA muxbiri ayni vaqtda baxshichilik sanʼatida boʻy koʻrsatib kelayotgan yoshlardan biri, “Nihol” mukofoti sovrindori Ahror baxshi bilan sanʼat mashaqqati, sohadagi muammolar xususida suhbatlashdi.
– Baxshichilik kishidan chuqur bilim, isteʼdod talab qiladi. Ushbu sanʼat sizni, avvalo, nimasi bilan maftun etdi?
– Bolaligim Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida oʻtdi. Bizda hech bir toʻy baxshilar ishtirokisiz oʻtmaydi. Men ham dostonlar, aytimlar eshitib ulgʻayganman. Baxshining kiyinishi, omma oldida oʻzini tutishi, ovozi, doʻmbira chertishi meni oʻziga tortardi. Bobom, Oʻzbekiston xalq baxshisi Shomurod baxshi ijodini doim kuzatib borganman. Radioda, televideniyedagi chiqishlarini maroq bilan tinglab, havas qilganman.
Bobomning etagidan tutib, shu qizgʻin hayotga kirib kelganman. Vaqt oʻtishi bilan oʻz ustimda ishlab, sayil va bayramlarda doston ayta boshladim. Sekin-asta meni ham tumanda baxshi, deya taniy boshlashdi. Nufuzli tanlovlarda ishtirok etdim. Birida gʻolib chiqib, boshqasida oʻrin ololmadim. Mudom ustoz baxshilar ijodini kuzatib, oʻz ustimda ishladim. Haliyam ularning har biridan nimanidir oʻrganishga harakat qilaman.
– Bir taniqli baxshi bilan suhbatda boʻlganimda, yosh baxshilarga yaxshi tahsil bera olmayapmiz, degandi...
– Toʻgʻri aytgan ekan. Men 6-sinfdan boshlab oʻzimcha xirgoyi qila boshlaganman. Tumanimizda maktabni tamomlaganimdan soʻng Qarshi sanʼat kollejiga qabul qilindim. U yerda baxshichilikka ixtisoslashgan maxsus guruh yoʻq edi, shuning uchun anʼanaviy ijrochilik guruhida tahsil olganman. Tahsil davomida rubob chalishni mukammal oʻrgandim. Shundan soʻng Chiroqchi tumanidagi musiqa maktabida ikki yil ishladim. Keyin Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti xalq ijodiyoti: folklor va etnografiya fakultetiga oʻqishga kirdim. Tahsil jarayonida ancha tanildim, oʻqituvchilar eʼtiboriga tushdim, bir-ikki xalqona qoʻshiqlarimni muxlislarga taqdim etdim. 2019-yil kamtarona mehnatlarim "Nihol" davlat mukofotiga loyiq koʻrildi.
Yangi oʻquv yilidan oliygohimizda baxshichilik va dostonchilik fakulʼteti ochildi. Menimcha, baxshichilik sanʼatini oʻquvchi-talabalarga sodda va tushunarli qilib yetkazib beradigan darsliklar, metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilishi kerak. Sohani nazariy tadqiq qilish boshqa, ilmni sodda qilib oʻquvchiga yetkazish boshqa...

Shu yil magistraturaga hujjat topshirdim. Bu jarayonga oʻzim ham hissa qoʻshmoqchiman. Ustozlar bilan birgalikda sohadagi muammolarni bartaraf etishga harakat qilaman.
– Ijodingizni kuzatib boraman. Ijrongizda estrada yoʻnalishiga moyillik bordek, nazarimda. “Yulduzlik” kasaliga chalinib, mashhurlik ketidan quvib, yoʻnalishingizni oʻzgartirish niyatingiz yoʻqmi?
– Hali yoshmiz, qonimiz qaynoq. Ozmi-koʻpmi muxlislarimiz bor. Ijtimoiy tarmoqda ishqibozlar soʻragan qoʻshiqni ijro etamiz. Ularning talabini qondirishga harakat qilamiz. Toʻgʻri, turli yoʻnalishdagi qoʻshiqlarni ijro eta olaman, ovozim bor, ammo baxshiyona uslubda aytish koʻproq yoqadi menga. Hozirgacha zamonaviy uslubda aytgan xalqona qoʻshiqlarimning barchasi omadli chiqdi, deb oʻylayman. Maqsadim estrada yoʻnalishiga oʻtib ketish emas, baxshichilik sanʼatini ulugʻlab, qadimiy ohanglarni tinglovchilar qalbiga singdirish, xalqqa yana-da yaqinlashtirishdan iborat.
– Bundan ikki yilcha oldin adabiyotshunoslar anjumanida ayrim olimlar ijodingizni qattiq tanqid qilishgandi. Hozir ham sizni tanqid qiluvchilar topiladimi?
– Ha. Hozir ham baxshichilikni buzyapsan, deguvchilar uchrab turadi, ammo bu notoʻgʻri ayblov. Men dostonni buzib aytmayapman, ustozlarimiz ijro etgan anʼanaviy termalarni buzib ijro etmayapman. Mening birgina maqsadim baxshichilik ohangini xalqqa singdirish. Koʻp yillar baxshi ovozini eshitmagan, folklordan uzoqlashgan xalqqa uning sasini yetkazishga harakat qilyapman, xolos. Bu mashaqqatli yoʻldan qaytish, qarorimni oʻzgartirish niyatim yoʻq. Kechqurunlari qanday qilib baxshichilik sanʼatini elga qaytarsam, qanday qilib xalq toʻyiga baxshiyona ohanglarni kiritsam, deb oʻylab chiqaman...
– Nega yoshlar orasida baxshilar kam? Sohaning qiyinligidanmi yoki talab kamligidanmi?
– Rostini aytsam, yaqin 5-10 yil oldin baxshichilikka talab kam edi. Hozir sohaga hukumat tomonidan eʼtibor kuchaygan, talab ham ortib bormoqda. Yosh baxshilar kamligining yana bir sababi bor: bu sohada tanilish qiyin. Chekka-chekka hududlardagi taniqli baxshilar atigi 200-300 ming soʻm uchun toʻyga chiqadi, estrada yulduzlari esa toʻyga 5-10 million soʻmga boradi. Afsuski, koʻpchilik yoshlar ana shu jihatlarni oʻylab, yulduzlik va daromad ortidan quvib, aynan estrada yoʻnalishini tanlashi bor gap.
– Ayni vaqtda nimalar bilan mashgʻulsiz?
– Ayni kunlarda magistraturaga kirish imtihoniga tayyorgarlik koʻryapman. Shu bilan birgalikda “Men baxshiga enam-o Toshkentdan yor topibdi” degan qoʻshiqni maromiga yetkazyapmiz. Shu ashulaga klip olish niyatimiz ham bor. Boshqa yangi qoʻshiqlar ustida ham ishlayapman. Ochigʻini aytsam, toʻyma-toʻy yurib, ancha charchab qolgan edik. Sinovli kunlar biroz dam olish, oʻz ustimizda ishlash, varaqlanmay qolgan kitoblarni mutolaa qilishga imkon yaratdi. Xudo xohlasa, tinchlik, sogʻlik boʻlib tursa, mudom el xizmatiga shaymiz.
OʻzA muxbiri
Dilobar MAMATOVA suhbatlashdi.