Barqaror urbanizatsiya va zamonaviy qurilish: islohotlarning yangi strategik bosqichi
Munosabat
So‘nggi yillarda qurilish industriyasi milliy iqtisodiyotimizni harakatlantiruvchi asosiy “drayver”lardan biriga aylandi. Sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar soni keskin ortishi va millionlab yurtdoshlarimiz bandligi ta’minlangani ijtimoiy barqarorlikning mustahkam kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Erishilgan natijalar xotirjamlikka berilish emas, balki sohani zamon talablariga mos ravishda yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Zero, bugungi shiddatli taraqqiyot qurilish sohasiga yangi loyiha yechimlari, energiya tejovchi texnologiyalar va eng muhimi, yuqori seysmik xavfsizlik standartlarini joriy etishni talab etmoqda. Shu ma’noda, urbanizatsiya jarayonlariga endilikda shunchaki statistika emas, balki iqtisodiy o‘sish, investitsiyalar oqimi va mehnat unumdorligini oshiruvchi strategik resurs sifatida qaralmoqda.
Shaharsozlikda pala-partishlikka chek qo‘yish va hududlarni kompleks rivojlantirish uchun har bir aholi punktining aniq bosh rejasi bo‘lishi davr talabi sanaladi. Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ilgari surilgan “Bosh rejasiz qurilish bo‘lmaydi” degan qat’iy tamoyil sohadagi yangilanishlarning muhim poydevori bo‘ldi.

Bundan buyon har qanday bino qurilishidan avval suv, elektr, gaz va yo‘l infratuzilmasi aniq manbalar hisobidan rejalashtiriladi. Bu yondashuv kelgusida aholi uchun noqulayliklar kelib chiqishining oldini olish bilan birga, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlaydi.
Sohadagi eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lgan byurokratiya va korrupsiyaga chek qo‘yishning yagona yo‘li bu – jarayonlarni to‘liq raqamlashtirishdir. Joriy yilning 1-iyulidan boshlab tizimni sun’iy intellekt imkoniyatlari asosida shaffoflashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xususan, yerni xususiylashtirish, loyihalarni kelishish va kommunal tarmoqlarga ulanish jarayonlarining “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn formatga o‘tkazilishi inson omilini istisno etadi. Bu esa tadbirkorning vaqtini tejab, qurilish bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi.
Shaharlarimizning faqat eniga kengayishi infratuzilma xarajatlarini oshirishi va unumdor ekin yerlari qisqarishiga sabab bo‘layotganini inobatga olsak, Renovatsiya dasturining ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ma’nan eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy, energiya tejovchi va xavfsiz majmualar barpo etish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifasidir. Bu jarayonda sifat nazoratining yangi bosqichi doirasida onlayn videokuzatuv tizimining joriy etilishi va loyihachi hamda pudratchi mas’uliyatining KPI asosida baholanishi sohada sifat ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, “Adolat” SDP Saylovoldi dasturida ham aholini sifatli va munosib uy-joy bilan ta’minlash borasida tizimli tashabbuslar ilgari surilgan. Partiyamiz shaharsozlik islohotlarida inson salomatligi va ekologik barqarorlikka alohida urg‘u berib, istirohat bog‘lari, bolalar oromgohlari va yashil hududlarni saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha qat’iy pozitsiyada turadi. Shuningdek, energiya tejamkor qurilish me’yorlarini qabul qilish va zamonaviy isitish tizimlarini joriy etish orqali nafaqat energiya xavfsizligiga erishish, balki oilalarning kommunal xarajatlarini kamaytirish ham bosh maqsadlarimizdan biridir.
Xulosa qilib aytganda, uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi bu keng ko‘lamli islohotlar Bosh qomusimizda belgilangan fuqarolarning uy-joyli bo‘lish huquqini amalda ta’minlashga xizmat qiladi. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalar Yangi O‘zbekistonning me’morchilik qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, xalqimizning farovon yashashi va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Zero, barqaror va xavfsiz yashash muhiti – kuchli iqtisodiyot va baxtli jamiyatning poydevoridir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA