Barkamol farzand sog‘lom muhitda voyaga yetadi
Yurtimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, zo‘ravonlik holati alohida jinoyat sifatida e’tirof etilib, uning uchun ma’lum bir jazo belgilab qo‘yilgan.
2023 yil 11 aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun qabul qilindi. Natijada Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga oiladagi zo‘ravonlik turlari bo‘yicha javobgarlik belgilandi. Mazkur qonun bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda yurtimizda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq bir qator fuqarolar javobgarlikka tortilgan. Ayrimlari qamalgan bo‘lsa, qolganlari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Navoiy viloyatida ham 2024 yilning birinchi choragida 11 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ota-ona bo‘lish har bir insonga cheksiz baxt, umid va ishonch olib keladi. Shu bilan birga, ular zimmasiga yuksak mas’uliyat ham yuklaydi. Lekin bugungi kunda hamma ota-ona ham o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘liq amalga oshiryapti, deb bo‘lmaydi. Davlatimiz tomonidan bola huquqlari himoyasini ta’minlash zarurligi qayta-qayta ta’kidlanishiga, bu borada bir qator chora-tadbirlar belgilanishiga qaramay, ota-ona degan muqaddas nomga dog‘ tushirayotganlar, uni suiiste’mol qilayotganlar, afsuski, oramizda bor.
Mamlakatimiz qonunchiligida, jumladan, Oila kodeksining 79-moddasida voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan, ammo mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi, Jinoyat kodeksining 122-moddasida mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ota yoki onaga jinoiy javobgarlik belgilangan.
Jumladan, Navoiy shahar prokurorining fuqaro S.I.ga nisbatan onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atgan fuqarolik ishini mazmunan ko‘rib chiqqanimizda, bu shaxs tomonidan fuqarolik huquqiy munosabatlari qo‘pol ravishda buzib kelinganligi ma’lum bo‘ldi. Fuqaro bir necha marta ogohlantirilishiga qaramay, onalik majburiyatlarini bajarmagan. O‘zi hech qayerda ishlamay, uch yarim yashar farzandini qo‘shnilariga tashlab, haftalab kelmagan, uyiga muntazam maishiy buzuq shaxslarni olib kelib, bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Mazkur holatlar yuzasidan guvohlarning ko‘rsatmalari, manfaatdor shaxs sifatida vasiylik va homiylik organi vakilining bergan xulosasi asos qilinib, sud prokuror da’vosini qanoatlantirish haqida hal qiluv qarorini chiqargan.
Shu o‘rinda yuqoridagi fuqarolik sud ishiga sabab bo‘lgan omil nima, nahotki fuqaro ularni o‘z vaqtida anglab yetmagan?, degan savol tug‘iladi. Achinarlisi, ko‘pchilik hollarda aksariyat ota-onalar o‘z zimmalaridagi majburiyatlarni yaxshi anglasalar-da, unga amal qilmasligi oqibatida ularga nisbatan qonuniy javobgarlik belgilanmoqda.
Yana bir holatga e’tibor qaratmoqchiman. Ona G.M. ota-onalik huquqini suiiste’mol qilish oqibatida bir necha marta mahalla vakillari, ta’lim muassasasining ogohlantirishiga qaramay, bolalarining manfaatlariga zid ravishda ularni maktabga o‘qishga yuborish o‘rniga ko‘chada, bozorda tilanchilik qilishga undagan. Natijada bolalarining ko‘chada och-nahor, yupun holatda yurishlariga, ba’zan yo‘laklarda qarovsiz holda uxlab qolishiga sababchi bo‘lgan. Ushbu holatlar ish materiallari asosida isbotlanib, bolalarni himoya qilish sho‘’basi tomonidan sudga berilgan da’vo arizasi qanoatlantirilgan.
Bunday hollarda ota-onaning muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgani tegishli tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Sudlarda ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilishida da’voni kim qo‘zg‘atganidan qat’i nazar, Oila kodeksining 80-moddasida belgilanganidek, prokuror, shuningdek, vasiylik va homiylik organi ishtirok etishi shart.
Ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda sud ota-onadan (ularning biridan) bolaning ta’minoti uchun aliment undirish masalasini hal qiladi. Ota-onalik huquqining cheklanishi ota-onani bolaga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Har bir shaxs ota-onalik muqaddas tuyg‘u, bolalar esa hayotning buyuk ne’mati ekanini unutmasligi, bu nafaqat yuksak insoniy mas’uliyat, balki Konstitutsiyada belgilangan burchi ekani, unga rioya qilishga majburligini teran his qilishi shart. Barkamol farzand esa sog‘lom oilaviy muhitda voyaga yetadi.
Gulnafis Xudoyberdiyeva,
Navoiy viloyat sudi sudyasi
O‘zA