Barchasi inson qadri uchun
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Salomatlik kunlari” ijtimoiy aksiyasi doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida navbatdagi jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Aksiya doirasida poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarning yetakchi mutaxassislari buxoroliklarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Xususan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori tibbiyot fanlari doktori, professor Murodjon Irismetov ham o‘z guruhi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bir nechta murakkab jarrohlik amaliyotlari (tizza bo‘g‘imi artroskopiyasi va chanoq suyaklari osteosintezi) o‘tkazdi.

Bundan tashqari, subfiliallar hamda politravma markazi travmatologlari bilan birgalikda mahorat darslari o‘tkazildi.

Murodjon Irismetov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shoshilinch travmatologiya bo‘limida yotgan bemorlarni borib ko‘rdi. Tegishli ko‘rsatmalar berib, bugungi kunda kam invaziv zamonaviy operatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Shuningdek, filialda ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlar bilan suhbat o‘tkazdi. Yosh olimlarni qiziqtirayotgan savollarga javob berdi.
Zarif Komilov, O‘zA