Baliqchilikda intensiv usul samaralari
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasida intensiv usulda baliq yetishtirish afzalliklariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasida intensiv usulda baliq yetishtirish afzalliklariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ta’minlash maqsadida intensiv usuldan samarali foydalanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim omil bo‘layotir.
Intensiv usul ozuqa va suv resurslarini tejashi bilan farqlanadi. Misol uchun, amaldagi estensiv usulda suv havzada qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan aprel – avgust oylarida ushlab turilib, sentabr oyidan boshlab chiqarib yuboriladi. Kichik baliqchilik xo‘jaliklari uchun ushbu davrda o‘rtacha 100 kub metr suv kerak bo‘ladi.
Intensiv texnologiya esa mulkdorlar uchun qulay bo‘lib, kelajakda fermerlar daromadi yanada oshishini ta’minlaydi. Ushbu usulda dala shiyponi yoki kanal yoqasidagi paxta dalasi yonida 15 kub metr sig‘imli, suv doimo aylanib turadigan hovuz quriladi. Buning afzalligi shundaki, kanaldan kelayotgan suv hovuz orqali ekin maydonlariga o‘tib ketaveradi. Bunday suv ekin hosildorligini oshirish bilan birga, fermerga bitta hovuzda bir tonnagacha baliq yetishtirish imkonini beradi.
Intensiv texnologiya yem yeydigan baliqlar yetishtirishda, ayniqsa, qo‘l keladi. Yurtimizda shunday toifadagi qimmatbaho baliq turlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasida oqar va sho‘rlangan suvli havzalarda rivojlanadigan, tez moslanuvchan osyotr, afrika laqqasi kabi baliq turlari ko‘paytirilmoqda. Ushbu baliq mahsulotlari jahon bozorida xaridorgir bo‘lib, qayta ishlash imkoniyatlari keng. Bunday baliq turlarini boqish ham qulay.
Seminarda ishtirokchilar ilmiy-tajriba stansiyasida tashkil etilgan intensiv usulda baliq yetishtirish bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.