Bahodir Jalolov navbatdagi raqibini ham muddatidan oldin taslim etdi
Angliyaning Manchester shahridagi “Co Op Live Arena” majmuasida tashkil etilgan professional boks oqshomida ikki hamyurtimiz Bahodir Jalolov va Javohir Ummataliyev ringga ko‘tarildi.
Jumladan, oqshomning super og‘ir vazn toifasida tashkid etilgan jangda Bahodir Jalolov navbatdagi jangini xorvatiyalik Agron Smakichiga qarshi o‘tkazdi.
10 raund etib belgilangan ushbu bellashuvda Smakichining burchagi sakkizinchi raund avvalida jangni davom ettirishdan bosh tortdi. Natijada esa Bahodir texnik nokaut orqali g‘alaba qozondi.
B.Jalolov uchun bu muvaffaqiyat professional boksdagi o‘n sakkizinchi g‘alaba bo‘ldi.
Shuningdek, yana bir vakilimiz havaskor boksda amaldagi jahon chempioni Javohir Ummataliyev Polsha vakili Damian Drabikka qarshi ringga ko‘tarildi.
Yarim og‘ir vazn toifasidagi 6 raund etib belgilangan bu jangda charm qo‘lqop ustamiz ikkinchi raundda raqibini nokaut orqali taslim etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA