Badiiy jihatdan bo‘sh asarlar, saviyasi past kitoblar nega kerak?
Davlatimiz rahbarining adabiyotga, badiiy ijodga katta e’tibori tufayli keyingi yillarda ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganidan quvonish kerak. Toshkent shahridagi, viloyat markazlaridagi, hatto ko‘pchilik tumanlardagi do‘konlarga kirsangiz minglab kitoblar o‘z o‘quvchisini, xaridorini kutib turganiga ko‘zingiz tushadi.
Ammo...
Bugungi o‘quvchining ana shu badiiy, ilmiy, ommabop adabiyotlarni saralab o‘qish imkoniyati bormi? Ular badiiy jihatdan yuksak asarlarni qanday qilib tanlay olishadi? Yoki saviyasi nihoyatda past kitoblarni ham sotib olishyaptimi? Bunday og‘riqli savollar hamon javobsiz qolmoqda. Chunki ko‘pchilik sotuvchilar kitob haqida tasavvurga ega emas.
Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyidagi kutubxonaning kitob fondi ancha boy. Gazeta va jurnallarning taxlamlari ham bor. Ma’naviyat maskaniga respublikamizning turli viloyatlaridan, hatto qo‘shni davlatlardan kelgan ijodkorlar ham asarlarini sovg‘a qilishadi.
Lekin, minglab kitoblardan qay birini tanlab o‘qish kerak? Chet el adabiyoti namunalari ham yetarli. Shu bilan birga o‘zbek shoir, yozuvchi, publitsist, dramaturg, adabiyotshunoslarining 2025-yilda nashr etilgan kitoblaridan qaysi birini o‘qishni ma’qul ko‘rasiz?
Tabiiyki, ko‘pchilik badiiy asar muxlislari, ayniqsa yoshlar oldida ana shunday javobsiz savollar hamisha ko‘ndalang bo‘lib turadi.
Lekin, qator qilib, terib qo‘yilgan asarlardan ayrimlari badiiy jihatdan nochor bo‘lsa-chi? Ularni yaxshi bilmasdan, tasodifan o‘qigan kitobxonning badiiy didi va saviyasi battar tushib ketmaydimi?
Yosh ijodkor Latofat Amirovaning “Turkona” she’rlar to‘plamini varaqlay boshladim. Va beixtiyor quyidagi satrlarga ko‘zim tushdi.
Ulg‘aytirgum ulus, elatni-
To ayolman, iymonmen-Vatan.
Onalari uyg‘oq millatni
Mag‘lub etib bo‘lmaydi, zotan!
Har bir badiiy asarni mutolaa qilganda yuragingiz larzaga tushishi, dilingizni, qaynoq, sohir tuyg‘ular egallashi, zabt etishi zarur emasmi?
Yoki “Onalari uyg‘oq millatni mag‘lub etib bo‘lmaydi, zotan!” singari satrlarni tizish uchun shoir bo‘lish shartmikin? Bunday kishi ruhiyatiga ta’sir etmaydigan, ehtirosdan va ilhom mevasidan ancha xoli misralarni she’rga aylantirish bilan badiiy asar yaratilib qolmaydi. So‘zlar yonib turishi, olov kabi qalbingizga harorat olib kirishi zarur emasmi?
Qo‘rqib ketdim ukamga qarab,
U ham dardin to‘kar qog‘ozga.
Opa, mana, she’r yozdim, qarang,
Ko‘rsataymi deydi ustozga.
Yuqoridagi satrlar shoira Nozima Turdiyevaning “Xo‘rozqand” she’riy kitobidagi “Ukam she’r yozgan kun” asaridan olindi.
Shoirlar - Nurulla Oston, Dilshod Rajab, Orif To‘xtashning bolalarga bag‘ishlangan asarlarini o‘qisangiz, dilingiz ravshan tortadi, beixtiyor o‘yga tolasiz. Biroq, siz yuqorida mutolaa qilgan satrlar o‘quvchilarni hayajonga solmaydi, hatto simvollardan ham yetarli foydalanilmagan, dilingizga cho‘g‘ tashlamaydi, badiiylikdan ancha yiroq bo‘lib qolgan..
Tajribali ijodkorlardan yana biri Ro‘ziqul Abduvalining “Xalq hikmatli birikmalari” kitobidan muallifning she’rlari ham joy olgan. To‘plamga so‘zboshi yozgan professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Asliddin Qamarzoda “bir qator she’riy to‘plamlari va nasriy hikoyalari bilan o‘quvchilarga tanilgan asli shifokor Ro‘ziqul Abduvali tinib-tinchimaydigan ijodkor” deya shoir asarlarini e’tirof etgan.
Ammo Ro‘ziqul Abduvalining ko‘pchilik she’rlari asosan havaskorlik darajasida qolib ketgan bo‘lsa-da, muallif xom-xatala mashqlarini zukko kitobxonlarga badiiy asar sifatida taqdim etgani ajablanarli.
Jayxun daryo, azim daryo,
Ehtiyojda muhim daryo.
Sirting sokin, tubing botin,
Sarrez-Orol tizim daryo.
Har bir tomching zar o‘ndirar,
Dehqon marrani do‘ndirar,
Bog‘bon bozorni to‘ldirar.
Qush so‘ysa ham qassob so‘ysin, deganlaridek qaynoq ilhom va talant nuri bilan yo‘g‘rilgan asarlarnigina hozirgi talabchan o‘quvchilarga taqdim etish zarur emasmikin? Aks holda yuqoridagi kabi “she’rlar” bugungi o‘quvchi didini o‘tmaslashtirishi tabiiy, deb o‘ylayman.
Shoir Fozil Farhodning “Avtoportret” kitobidan o‘rin olgan she’rlarning ko‘pchiligi badiiylik talablariga javob bermaydi. Chunki o‘quvchini hayajonga solmaydigan, kitobxonga estetik yoki badiiy zavq bermaydigan, badiiy jihatdan nochor asarni she’r deb atash to‘g‘ri emas.
Qorangizni ko‘rolmasam, kelayin men kimga bas?
Panalarda toshlar otmang, fitnalaringiz yetar!
Parijgamas, Nyu- Yorkkamas, Londongamas, Rimgamas,
Kunlar kelar, barcha yo‘llar O‘zbekistonga eltar!
Qulog‘ingiz yaqin tuting, sizginaga aytay sir,
Men xalqimning bolasiman, Vatanimning uliman!
Ne desangiz deyavering, endi menga baribir,
Ha, men Vatan maddohiman, O‘zbekiston quliman!
Muallif yuqorida hatto o‘zining maddohligini ham tan olayotir o‘z she’rida. Qaynoq tuyg‘ular, simvollar, original tashbehlardan yiroq bu kabi muzdek sovuq satrlar o‘quvchilarda qanday taassurot qoldiradi?
Endi ayrim takliflarimni bildirib o‘tmoqchiman.
Menimcha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining she’riyat kengashi bunday badiiy jihatdan nochor asarlarning oldini to‘sishi, to‘plamlarni muhokama qilib, saviyasi past asarlarning nashr etilishiga, hatto viloyatlarda ham ko‘payishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Ikkinchidan, nashriyotlarning muharrirlari millionlab so‘m mablag‘ hisobiga chop etilayotgan kitoblardan badiiy bo‘sh she’rlar va nasriy asarlar joy olmasligi uchun doim harakat qilishlari kerak. Hatto ba’zi kitoblar xususiy nashriyotlarning bosh muharrirlari tomonidan yetarli darajada tahrir qilinmagani yuqoridagi singari salbiy illatlar ko‘payishiga sabab bo‘layotir. Demak, nashr etiladigan minglab kitoblarga muharrirlik vazifasiga tahrir san’atini yaxshi egallagan talantli shoir hamda yozuvchilar, taniqli adabiyotshunoslar jalb etilishi zarur.
Uchinchidan, poytaxtimizda davlat nashriyotlarining sonini yanada ko‘paytirish lozim. Shundagina soni ancha ko‘payib borayotgan xususiy nashriyotlar xom-xatala asarlarni chop etishni kamaytirishlari tayin.
Xulosa shuki, sifatsiz, badiiy jihatdan talabga javob bermaydigan kitoblarni ko‘paytirmaslik uchun yuqoridagi kabi illatlarga qarshi keskin kurash olib borilishi, bunga keng jamoatchilikni ham jalb etish kerak. Bu borada Yozuvchilar uyushmasining adabiy tanqid kengashi rolini va vakolatlarini har qachongidan ko‘ra oshirish zarur, deb o‘ylayman. Badiiy bo‘sh asarlar ayovsiz tanqid qilinishi lozim.
Jovli Xushboqov, O‘zA muxbiri