Badantarbiya – salomatlik garovi
Har bir inson o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, sport bilan shug‘ullanib, jismonan chiniqib tursa, salomatligi uchun juda foydali hisoblanadi. Har kuni ertalab 15-20 daqiqalik jismoniy mashq yoki 40-60 daqiqa davomida ochiq havoda piyoda yurish foydadan holi emas.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirokida ertalabki badantarbiya tadbiri tashkil etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ommaviy sportni keng targ‘ib qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, jismonan yetuk, sog‘lom avlodni tarbiyalash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib o‘tkazilgan tadbirda institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlardan iborat 1000 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.

Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sinoning: “Badantarbiya salomatlikni saqlashda samarali usuldir” degan hikmati har birimizning hayotimizdagi shiorimizga aylansagina kelajak avlodlarimizning komil inson bo‘lishiga zamin yaratgan bo‘lamiz. Oliy o‘quv yurtida foydalanishga topshirilgan zamonaviy sport majmuasi va katta sport maydoni ushbu maqsadlarga erishish uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.