Ayollar va rahbarlik mavzusida forum
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat va kelajak ishlari vazirligi bilan hamkorlikda "Ayollar va rahbarlik” virtual forumi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari – Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Berdimurodov, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova va boshqalar ayollarning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini faollashtirishga katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
bugungi globallashuv jarayonida O‘zbekiston ayollarining huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy-madaniy-iqtisodiy hayotdagi rolini kuchaytirish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. O‘zbekistonda ayollarga nisbatan bunday e’tibor katta demokratik jarayondan dalolat beradi va xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining moliyaviy va texnik yordamini jalb etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”sida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri mahkamasi huzuridagi Hukumat liderlari dasturi hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekistonda birinchi rahbar ayollar forumi dolzarb ahamiyatga ega.
Forum gender tenglikni ta’minlashga oid dolzarb muammolarni atroflicha muhokama qilish va ularning optimal yechimlarini ishlab chiqish, davlat, jamiyat va biznes boshqaruvida xotin-qizlarning faolligini oshirish, xotin-qizlarda rahbarlik va liderlik qobiliyatini rivojlantirish, davlat xizmatchilarining gender tengligi masalalari bo‘yicha tasavvurlarini kengaytirishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
Shuningdek, BAA va O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatli tajribalarini namoyon qilish, O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum kun tartibidagi masalalar ham bugungi kundagi dolzarb mavzulardan biridir. Jamiyatda xotin-qizlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda yanada faol ishtirokini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Hozir yurtimizning barcha hududlaridagi mahalliy ijro organlarida, vazirliklar, bank va kompaniyalar, huquq-tartibot idoralari, Qurolli Kuchlar tarkibida mas’ul vazifalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz safi tobora kengaymoqda. Quvonarlisi, rahbar ayollarimizning aksariyati yosh xotin-qizlardir.
2020 yilda 6 nafar iqtidorli, salohiyatli opa-singillarimizning g‘oyat mas’uliyatli vazifaga – tuman va shahar hokimi lavozimlariga tayinlangani ijtimoiy-siyosiy jabhada gender tenglikni ta’minlashdagi muhim qadamlarning ifodasi bo‘ldi. Hozirgi vaqtda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 500dan ziyod xotin-qiz rahbarlik lavozimida mehnat qilmoqda.
Chekka hududlarda iqtidorli qizlarni izlab topish, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish, ular tomonidan yaratilgan intellektual loyihalarni targ‘ib etish ishlariga ko‘maklashish, faol bo‘lmagan xotin-qizlar o‘rtasida doimiy hamkorlikda ishlashni ta’minlash bo‘yicha “Rahbar ayolning bir kuni” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Alohida e’tirof etish o‘rinliki, mazkur mavzudagi forumning tub mohiyatida bugunning ayollari masalalari ko‘rilsa-da, bugun jamiyat kelajak ayollari uchun ham mas’uldir. Chunki bugungi yosh xotin-qizlarimiz timsolida ertangi faol, o‘ktam, intiluvchan ayollar safi tuziladi.
Mazkur forum nafaqat ikki yurt ayollarining hamkorlik doirasini, balki ikki davlatning ayollarga, gender masalasiga uyg‘un bo‘lgan siyosiy qat’iyatini belgilashi, shubhasiz.
Bu borada Birlashgan Arab Amirliklari intelektual rivojlangan, diniy va dunyoviy bilimlarga boy ayollarining mavjud salohiyatidan foydalanib, har ikki davlatda to‘plangan tajribani hayotga tatbiq etish va xalqaro ekspertlarni ham ushbu jarayonlarga jalb qilish borasidagi hamkorlik yaxshi samara beradi.
Ushbu forum natijalari nafaqat Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash borasidagi hatti harakatlarini yangi bosqichga olib chiqishga, balki butun sayyoramizning xotin-qizlari taqdiri va tarixida ijobiy ta’sirini qoldiradi.
N.Usmonova, O‘zA