Ayollar daftari – muammolar yechimi sari yo‘l
Navoiy viloyat Navoiy shahar, Karmana hamda Qiziltepa tumanlarida ko‘p yillik tadbirkorlik faoliyatiga ega va endi faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar ishtirokida “Innovatsion texnologiya, ishlab chiqarish, milliy hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish” mavzusida ikki kunlik amaliy o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Seminar viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tashabbusi bilan Navoiy shahar prokuraturasi, Qiziltepa tuman hokimligi, USAID ning “Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi” doirasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori, 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi.

Seminarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash, boshlang‘ich sarmoya, biznesda hamkorlik va marketing, bugungi bozor talabi va soliq imtiyozlari bo‘yicha tushunchalar berildi. Nazariy bilimlar mahorat darslari bilan mustahkamlandi. Ishtirokchilar uchun ilg‘or tadbirkorlar faoliyatini o‘rganish va tajriba almashish maqsadida “Biznes sayohat” mavzusida uchrashuvlar tashkil etildi. Ular “BAHT TEXTILE”, “Navoi Tinch Textile”, “Asl Orzu Non va Shirinliklari”, “Afsonaviy Vang‘ozi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Madaniyat nurli oqshomi” firmasi, “Jonpo‘lot Javohir kelajagi” xususiy korxonalarida bo‘lib, korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA