Ayollar bandligiga hissa qo‘shayotgan tadbirkor
Buxoro viloyati Romitan tumani “Mirishkor” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayol Lobar Sherova nafaqat o‘z oilasi, balki mahalladagi o‘nlab xotin-qizlar uchun ham daromad manbaini yaratib bermoqda. U rahbarlik qilayotgan “Lobar chevarlar” tikuv sexi bugungi kunda hududdagi eng faol va samarali kichik ishlab chiqarish shoxobchalaridan biriga aylangan.
Tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar asosida sex zamonaviy tikuv uskunalari bilan jihozlangan. Bu esa ish samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va buyurtmalarni qisqa muddatlarda bajarish imkonini bermoqda. Bu yerda asosan xushbichim, zamonaviy va sifatli ayollar liboslari tayyorlanib, mahalliy bozorga yetkazib berilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur sexda 10 nafardan ziyod xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular o‘z mehnati orqali barqaror daromad topib, oilaviy farovonlikka hissa qo‘shmoqda. Bu esa mahallada ayollar bandligini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Lobar Sherova faoliyatini faqat ishlab chiqarish bilan cheklab qo‘ymagan. U tikuvchilikka qiziquvchi yoshlar uchun o‘quv kurslarini ham tashkil etgan. Ushbu kurslarda qizlar chevarlik sirlarini o‘rganib, mustaqil ravishda mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
–Har bir qiz qo‘lida hunari bo‘lsa, hech qachon qiynalmaydi. Biz nafaqat liboslar tikayapmiz, balki kelajak uchun mustahkam poydevor yaratyapmiz, –deydi tadbirkor Lobar Sherova.
Tadbirkorning tashabbusi va mehnatsevarligi mahallada ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Uning faoliyati ayollar bandligini ta’minlash, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va kichik biznesni rivojlantirish borasida namuna bo‘lib xizmat qiladi. Bunday tashabbuslar esa jamiyat taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri