Ayollar bandligi eng muhim vazifa
Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkor ayollar faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, Qibray tumanida xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida jami 1 milliard 547 million 415 ming 244 so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari, “Ayollar daftari” ga kiritilgan tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga esa turli sohalarda qo‘llaniladigan mehnat qurollari va zarur uskunalarni xarid qilish uchun 140 million so‘mgacha subsidiya ajratildi.
[gallery-11941]
Shu ishlarni o‘rganish maqsadida tuman hokimligi tomonidan jurnalistlar uchun hududda press-tur tashkil etildi. Ilk manzil LED lampalar va qandillar ishlab chiqaruvchi “Miss lighting” korxonasi bo‘ldi. Korxona rahbari Umida Rahmonovaning aytishicha, 2019 yildan o‘z faoliyatini boshlagan bu yerda yuzta ish o‘rni yaratgan bo‘lib, ularning asosiy qismini ayollar tashkil etadi. Korxonada 36 turdan ziyod LED lampalar ishlab chiqariladi. 2022 yili Xitoydan investitsiya jalb qilish evaziga 500 ming dollarlik yangi uskunalar olib kelinib, hozirda 200 xildan ortiq qandil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Mahsulotlarga talablar ortib bormoqda. Ichki bozordan tashqari Yevropa davlatlari, AQSH va Dubaydan ham mahsulot uchun takliflar ko‘paymoqda. 2022 yil korxona 2 milliard so‘mlik mahsulot tayyorladi. Hozirgi paytda maxalliy mutaxassislar tajribasini oshirish borasida ishlar olib borilyapti.
Navbatdagi manzil “Yangiobod” mahallasida joylashgan “Kanishka” korxonasida bo‘ldi. U yerda charimdan turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu yerda 70 nafardan ortiq mahallada yashovchi yigit-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan. Amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar natijasida yangi ish o‘rinlar soni 120 taga yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur korxona yiliga 2 million dona charm kurtka, sumka va hamyonlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Korxona kelgusida o‘z mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilishni rejalashtirgan.
A.MUSAEV, D.Ernazarov (surat), O‘zA.