Ayol va bolani himoya qilish va e’zozlash – ustuvor vazifa
Jamiyatning madaniyat darajasi uning ayollarga bo‘lgan munosabati va bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rligi bilan o‘lchanadi.
Urganch davlat universitetida bo‘lib o‘tgan muloqotda nafaqat huquqiy hujjatlar ijrosi, balki inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar ham muhokama qilindi.

Prezidentimizning joriy yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga bag‘ishlangan ushbu uchrashuv ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirishga qaratildi.

– Bu yerda gap nafaqat tashkiliy choralar, balki jamiyatning ichki immunitetini oshirish, zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish haqida bordi, – deydi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar viloyat boshqarmasi boshlig‘i Nigora Qutlimuratova. – Ushbu farmon shunchaki qog‘ozdagi bandlar emas, bu ayollar va bolalarimiz uchun mustahkam huquqiy qo‘rg‘ondir. Bizning asosiy vazifamiz jamiyatda zo‘ravonlikka qarshi mutlaqo toqatsizlik muhitini yaratishdir. Ushbu hujjat idoralararo hamkorlikni shunday zanjirga aylantiradiki, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydi. Biz faqat qonun ustuvorligini emas, balki singan qalblarni, oilaviy totuvlikni va porloq kelajakni himoya qilishimiz lozim.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, huquqiy madaniyatni yuksaltirish eng kuchli qalqondir. Ayol o‘z huquqini anglasa, bola davlat himoyasida ekanini bilsa, zo‘ravonlikka o‘rin qolmaydi.

Tadbir yakunida ishchi guruh a’zolari tomonidan bildirilgan takliflar Xorazm vohasida ayollar va bolalar huquqlarini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri