“Ayol qismati” filmi katta ekranda
Prezidentimiz topshirig‘i bilan “Mehr” maxsus operatsiyasi va terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlangan filmlar suratga olinib keng ommaga taqdim etilmoqda.
Tomoshabinlar tomonidan “Men terrorchi emasman”, “Tutqunlik”, “Biron – 2”, “Sog‘inch” kabi filmlar iliq kutib olindi. Ushbu filmlarda inson qadri, vatanparvarlik, tinchlik eng oliy ne’mat ekanligi keng yoritilgan.
Kuni kecha premerasi bo‘lib o‘tgan “Ayol qismati” filmi real voqeyliklarga asoslangan. “Mehr” loyihasi doirasida birinchi operatsiyadayoq 156 nafar ayollar va bolalar olib kelingan. Ulardan 41 tasi ayollar, qolgani bolalar. Ushbu filmda 41 ta olib kelingan ayollar qismati haqida hikoya qilinadi. Film juda ta’sirli va ishonarli chiqqan.

Film sahnalari yurtimizda olingan bo‘lsada, haqiqatdan ham Suriyaning “Al-xol” lageriday ko‘ringan. Filmga badiiy sayqal berilgan bo‘lsada undagi personajlar oramizdagi kishilar. Ularni achinarli taqdiridan har birimiz to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz darkor. Ushbu film vatanimizni qadriga yetib, tinchligimiz eng katta boyligimiz ekanligini hamisha his qilib yashashga undaydi. Tinch omon baxtli hayot kechirish ham, aksincha uni barbod qilish ham har bir insonning o‘z qo‘lida. Shunday ekan ogohlik davr talabi bo‘lib turgan bir paytda bunday filmlar har qanday kishini sergak tortishga va ogoh bo‘lishga chorlaydi.
Madina Nasriyeva,
O‘zA