Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi...
Jamiyatning asosiy tayanchi, bu — oila. «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» tadbirlari doirasida «Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi» mavzusida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi. Unda «Olimlar» mahallasida istiqomat qiladigan xotin-qizlar va uy bekalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bevosita xotin-qizlar o‘rtasida ham keng ko‘lamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator, shoir Minhojiddin Hojimatov va boshqalar mamlakatimiz taraqqiyotida ayollarning o‘rni haqida alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, Dilorom Karimova, Falsafa fanlari doktori, professor, shoira Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Farog‘at Xudoyqulovalar tadbir davomida she’rlar o‘qidi, qo‘shiqlar kuyladi. Hududda istiqomat qiluvchi ayollarning ko‘ngillarini shod etdi.

Uchrashuvda xotin-qizlar masalasi davlat siyosati darajasida ekanligi, davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor alohida ta’kidlandi. «Ayollar daftari» bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ayollarimiz ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar hamda erishilayotgan natijalar xususida ham so‘z yuritildi.
Gender siyosati masalalariga alohida to‘xtalib, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar samaradorligi qayd etildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan «Olimlar» mahallasining faol xotin-qizlariga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
D. Mamatova, O‘zA