Axborot agentliklari hamkorligi mustahkamlanmoqda
Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi (WAM) tashabbusi bilan Dubay shahrida Jahon hukumatlari sammiti (World Governments Summit) doirasida “Iqtisodiy faoliyatni shakllantirishda axborot agentliklarining roli” mavzusida davra suhbatini tashkil qilindi.
Tadbirda arab mintaqasi, Yevropa, Osiyo, Afrika va Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) rasmiylari va axborot agentliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida axborot agentliklarining kelajak iqtisodiyotini qo‘llab-
quvvatlash, innovatsion biznes konsepsiyasini ilgari surishdagi o‘rni, iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoqlari bilan ishlashga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, OAV xodimlarining biznes jurnalistikasi kelajagidagi roli, yosh xodimlar tajriba almashishi va malaka oshirishida OAV hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.
Ishtirokchilar iqtisodiyot yangi tarmoqlari bilan hamkorlikning ahamiyatiga urg‘u berib, ushbu tarmoqlarda yuzaga kelayotgan muammo va imkoniyatlarni tahlil qilishdi, biznes jurnalistikasini takomillashtirish yo‘llari hamda axborot va boshqa turli agentliklar o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha qator tavsiyalar ishlab chiqildi, axborot agentliklari va OAV vakillarini biznes bilan shug‘ullanuvchi davlat va xususiy institutlar bilan hamkorlikda o‘qitish, xodimlar malakasini oshirish, jurnalistlarni zamonaviy iqtisodiy tushunchalar, jumladan yashil iqtisodiyot, raqamli valyuta va sun’iy intellekt bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan ishlashga o‘rgatish zarurligi tushuntirildi.
Ekspertlar davr murakkabligiga qaramay, yangi iqtisodiy modellarni yorituvchi axborot agentliklari yetakchi rolini ta’kidlab, zamonaviy media sohasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan hamnafas bo‘lish, yangi texnologik o‘zgarishlarga moslashish zarurligini e’tirof etdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA