Avtotransport vositasini sotishda hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirmagani katta jarimaga sabab bo‘ldi
Farg‘ona shahrida bir fuqaroning nomida jami 45 ta jarima to‘planib, umumiy qarz miqdori 27,5 million so‘mga yetgan. Mazkur holat oqibatida uning nomida bo‘lgan yana bir avtomashina xatlandi.
Eng achinarlisi, ushbu fuqaro avval o‘z avtomashinasini boshqa shaxsga sotib yuborgan, biroq savdo-sotiq qonuniy tartibda rasmiylashtirilmagan. Ya’ni, transport vositasi hujjatlarda avvalgi egasi nomida qolavergan. Yangi foydalanuvchi esa jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamay kelgan va barcha huquqiy javobgarlik avvalgi ega zimmasiga yuklangan.
Natijada, 45 ta jarimani qoplash uchun fuqaro o‘zining yana bir avtomashinasidan ayrildi.
Bu kabi holatlar jamiyatimizda tez-tez uchramoqda. Ayrim fuqarolar avtomashinalarni ishonchnoma asosida yoki umuman rasmiylashtirmasdan sotib yuborishmoqda. Biroq, qonunga ko‘ra, transport vositasi kimning nomida bo‘lsa, barcha jarima va majburiyatlar aynan shu shaxs zimmasida bo‘ladi.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolar o‘z avtomashinasini sotishda albatta qonuniy rasmiylashtirishi, oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda amalga oshirishi hamda transport vositasini yangi egasi nomiga o‘z vaqtida qayta ro‘yxatdan o‘tkazishi lozim.
Aks holda, befarqlik va e’tiborsizlik og‘ir moliyaviy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hamroz Bayonov,
O‘zA