Avtomobil yoʻllari taʼmirlanmoqda
Sirdaryo viloyatida qariyb 5 ming 265 kilometr avtomobil yoʻllari mavjud boʻlib, shundan 1 ming 450 kilometri umumiy foydalanishdagi yoʻllarni tashkil etadi.
Sirdaryo viloyatida qariyb 5 ming 265 kilometr avtomobil yoʻllari mavjud boʻlib, shundan 1 ming 450 kilometri umumiy foydalanishdagi yoʻllarni tashkil etadi. Uning 259 kilometri xalqaro, 505 kilometri davlat va 686 kilometri esa mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllaridir.
Maʼlumki, “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatida 127 kilometr umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari talafot koʻrgan. Jumladan, 21 kilometr xalqaro, 86 kilometr davlat va 20 kilometr mahalliy ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari, shu bilan birga, ushbu avtomobil yoʻllarida joylashgan 23 ta koʻprik ham taʼmirtalab holatga kelib qolgan, deya xabar bermoqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati.
Shuningdek, qariyb 3 ming 814 kilometr ichki xoʻjaliklararo avtomobil yoʻllari, shaharlar va qishloq aholi punktlari koʻchalariga ham zarar yetgan. Ushbu yoʻlning 250 kilometri Mirzaobod tumani, 273,7 kilometri Oqoltin tumani va 324,8 kilometri Sardoba tumani hududiga toʻgʻri keladi.
Bugungi kunda ushbu sodir boʻlgan tabiiy ofat oqibatlari natijasida avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlariga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda. Jumladan, shu kungacha 92 ming 94 metr kub tuproq ishlari, 46 ming 835 metr kub yoʻl qoplamasini tozalash, 11 ming 370 tonna ortiq asfaltbeton qorishmasini yoʻl qoplamasiga yotqizish, 37 ming 739 metr kub qum-shagʻal aralashmasi yotqizish, 43 ming 358 metr kvadrat yoʻl yoqasini mustahkamlash va 23 koʻprikda taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu ishlarga 141 nafar ishchi jalb qilingan. Taʼmirlash va qurilish jarayonida 140 tadan ortiq yoʻl qurilish texnikasidan unumli foydalanilmoqda.