Avazbek O‘lmasaliyev Kolumbiya bilan o‘yin oldidan tanqidchilarga javob berdi
Futbolchi o‘zining yakuniy tarkibdan joy olgani va uning imkoniyatlariga shubha bilan qaragan tanqidchilarning fikrlariga ham to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy terma jamoasi AQShning Atlanta shahrida Kolumbiyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan tarixiy bahsga tayyorgarlikning yakuniy bosqichini olib bormoqda.
Bo‘lajak uchrashuv oldidan milliy jamoa himoyachisi Avazbek O‘lmasaliyev o‘z fikrlari va jamoadagi muhit haqida gapirib berdi:
"Tayyorgarlik jarayoni ajoyib tarzda kechmoqda. Jamoada hamma shay holatda. Barcha birinchi o‘yinni katta intiqlik bilan kutyapti. Yurtdoshlarimiz duo qilib turishsa, hammasi yaxshi bo‘ladi", — deydi himoyachi.
Futbolchi o‘zining yakuniy tarkibdan joy olgani va uning imkoniyatlariga shubha bilan qaragan tanqidchilarning fikrlariga ham to‘xtalib o‘tdi:
"Buni o‘yin bilan ko‘rsatib qo‘yamiz. To‘g‘risini aytsam, yakuniy ro‘yxatdan joy olishimni hech kim kutmagandi. Lekin menda ichki xohish va intilish juda kuchli edi. Buyog‘iga faqat oldinga intilamiz. Fabio bilan bu haqda alohida gaplashmagandim, shunchaki oxirigacha kurashdim va tarkibdan joy olishga muvaffaq bo‘ldim".
O‘lmasaliyev bo‘lajak raqiblar — Kolumbiya terma jamoasi yulduzlari hamda guruhdagi boshqa raqib Portugaliya sardori Krishtianu Ronaldoga qarshi maydonga tushish borasidagi kutilmalari bilan o‘rtoqlashdi:
"Ular ham bizga o‘xshagan oddiy odamlar. Jamoamizda hech qanday qo‘rquv yo‘q, istalgan raqibga qarshi maydonda kurashishga tayyormiz. Hatto raqib darvozasini ishg‘ol qilsam, golni qanday nishonlashni ham o‘ylab qo‘yganman, buning uchun maxsus qo‘ng‘iroq qiladigan yaqinlarim bor", — dedi O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi.