Avangard pedagogika – yoshlar tarbiyasi va ijtimoiylashuvining innovatsion modeli
Bugungi kundagi raqamli transformatsiya sharoitida ta’lim tizimi oldiga mutlaqo yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Endilikda yosh avlodga shunchaki bilim ulashish yetarli emas, ularni mustaqil fikrlovchi, ijtimoiy faol, moslashuvchan va mas’uliyatli shaxs sifatida shakllantirish dolzarb masalaga aylangan. Shu nuqtai nazardan, “Avangard pedagogika” tushunchasi an’anaviy ta’lim tizimidan voz kechib, innovatsion yondashuvlarni ilgari suruvchi muhim konsept sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etilgan “Avangard pedagogika: yoshlar tarbiyasi va ijtimoiylashuvining innovatsion modellari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya aynan mana shu ehtiyojlardan kelib chiqib, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish jarayonlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Unda yoshlar tarbiyasi va ijtimoiylashuviga doir nazariy hamda amaliy masalalar chuqur tahlil qilindi.
Ochilish marosimida yoshlar tarbiyasi masalasi bugungi kunda faqat bir mamlakat doirasida emas, balki global miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bois, zamonaviy pedagogika yoshlarni nafaqat bilimli, balki tanqidiy fikrlashga qodir, axborotni saralashni biladigan, ijtimoiy mas’uliyatni his etadigan shaxs sifatida tarbiyalashni ko‘zda tutadi. Bu esa ta’lim tizimida innovatsion metodlarni joriy etishni taqozo etadi.
[gallery-28605]
Konferensiyada alohida urg‘u berilgan masalalardan biri kompetensiyaviy yondashuv bo‘ldi. Ushbu yondashuv o‘quvchilarda nafaqat bilim, balki amaliy ko‘nikmalar, muammolarni hal qilish qobiliyati va kommunikativ kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan ilgari surilgan fikrlar orasida raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish masalasi alohida o‘rin tutdi. Bugungi kunda sun’iy intellekt, onlayn ta’lim platformalari, interaktiv metodlar o‘quv jarayonini yanada samarali va qiziqarli qilish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, raqamli pedagogika nafaqat texnik vositalarni qo‘llashni, balki o‘qitish metodologiyasini ham yangilashni talab etadi. Ya’ni, o‘qituvchi endilikda bilim beruvchi emas, balki yo‘naltiruvchi vazifasini bajarishi zarur.
Konferensiya doirasida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlash masalasi ham muhokama qilindi. Zamonaviy ta’lim tizimi har bir shaxsning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim berishni nazarda tutadi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ta’lim tizimini modernizatsiya qilish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib, innovatsion pedagogik yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiluvchi samarali platforma sifatida namoyon bo‘ldi.
Eng muhimi, ushbu anjuman yosh avlodni har tomonlama barkamol, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega shaxs sifatida tarbiyalash yo‘lida muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi. Shu jihatdan qaraganda, “Avangard pedagogika” bugungi kun talabi emas, balki ertangi taraqqiyotning asosiy omillaridan biri sifatida maydonga chiqmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA