Atom energetikasi tizimi bo‘yicha yangi nizom
Vazirlar Mahkamasi “Atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boradigan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Ushbu qarorga ko‘ra, xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maxsus vakolatli organ litsenziyasiga ega davlat va (yoki) nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan tegishli tashkilot o‘rtasida tuziladigan shartnoma (buyurtma)lar asosida amalga oshiriladi. Bunda nodavlat ta’lim tashkilotlari ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyaga ham ega bo‘lishi shart.
Malaka oshirish kamida 72 soatlik o‘quv kurslarida o‘qitish orqali amalga oshiriladi.
Xodimlarni tayyorlash – xodim ishga qabul qilinganda;
qayta tayyorlash – tanlangan yoki turdosh kasb bo‘yicha boshlang‘ich kasbiy ta’lim bo‘lmaganda, tegishli kasbiy ta’limni talab qiluvchi boshqa lavozimga o‘tkazishda;
malakasini oshirish – zarur bo‘lgan kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini saqlab turish maqsadida uch yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish davrida xodimlarga ularning ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi va lavozimi saqlanadi. Agar mazkur tadbirlar uchun xodimlar doimiy yashash joyidan boshqa hududga yuborilsa, mazkur xodimlarni yuborayotgan tashkilot tomonidan qonunchilikda belgilangan barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
O‘zA