Atom energetikasi — ekologik barqarorlikka erishishda strategik ahamiyatga ega
Toshkent davlat transport universitetida "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan "Atom energetikasini rivojlantirish istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Sanoat korxonalari, aholi soni va turmush darajasining o‘sishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni yildan-yilga oshirmoqda. Ana shu sharoitda an’anaviy yoqilg‘i manbalariga qaramlikni kamaytirish va ekologik toza energiya ishlab chiqarishga o‘tish davr talabiga aylangan.

Davra suhbati ishtirokchilari atom energetikasining qator muhim afzalliklarini — ortib borayotgan elektr energiyasi ehtiyojini qoplash, an’anaviy yoqilg‘ilarga qaramlikni kamaytirish, ekologik toza energiya manbaini shakllantirish imkoniyatlarini alohida e’tirof etdi.

Qayd etilganidek, atom energetikasini rivojlantirish O‘zbekistonning energetik mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va ekologik barqarorlikka erishish yo‘lida strategik ahamiyatga ega qadam hisoblanadi.
Ochiq muloqot davomida bu borada bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan sohaga oid berilgan savollarga mutaxassislar batafsil javob berdi.
M.Komilova, O‘zA