Atmosfera ifloslanishi: olimlarning ilmiy yondashuv va yechimlari bormi? (+Video)
Muvozanat
Inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat masalalariga bag‘ishlangan “Muvozanat” loyihamizning bu galgi sonida ayni kunlarda eng dolzarb bo‘lib turgan atmosfera havosi ifloslanishi haqida suhbatlashamiz.
Shu maqsadda studiyamizga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik harakati yetakchisi, ekolog olim Boriy Alixonovni taklif etdik.
–Ayni kunlarda Toshkent shahri va bir qator hududlarda atmosfera havosi o‘ta zararli holga kelib qoldi. Bu keng jamoatchilik vakillarining muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Aytingchi, havo tarkibida zararli zarrachalar miqdori keskin oshib ketishiga asosan qanday omillar sabab bo‘lmoqda?
— Atmosfera ifloslanishi, umuman, ekologik muammolarga sabab bo‘layotgan omillarni ikkiga bo‘lish mumkin. Birinchisi, tabiiy omillar, ikkinchisi, antropogen, ya’ni inson faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan ta’sirlar.
Tabiiy omillarga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, iqlim o‘zgarishi. So‘nggi 130 yil ichida Yer sayyorasida harorat o‘rtacha 1,2-1,3 gradusga oshdi. Markaziy Osiyoda esa so‘nggi 80 yilda o‘rtacha 1,7 selsiyga ko‘tarildi. Ya’ni, dunyoda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo, shu jumladan mamlakatimizda ikki barobar tez sodir bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, cho‘llanish tezlashib boryapti. So‘nggi 30 yilda Markaziy Osiyo hududida umumiy cho‘llar hududi 100 ming gektarga ko‘paydi. Shu tufayli ham mayda dispersli zararli zarrachalar havoga ko‘tarilib, muallaq holda turib qolyapti.
Yana bir muammo — qurg‘oqchilik. So‘nggi 10 oy mobaynida Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i bir martagina yog‘ingarchilik bo‘ldi. Kuz tugayapti, ammo yog‘ingarchilikdan darak yo‘q.
Antropogen omillarga to‘xtalsak, havoga chiqarilayotgan chiqindilar miqdori borgan sari ko‘payib bormoqda. Shu jumladan, iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan issiqlik gazlari hajmi ham ortyapti.
Yana bir jihatga e’tibor qaratsak, o‘tgan asrning 90-yillarida Toshkent shahrida atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi chiqindilar miqdori yiliga 420 ming tonnani tashkil etgan. Shundan 90 foizi transport vositalariga to‘g‘ri kelgan. Lekin bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 220 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar havoga chiqarilyapti. Ya’ni, qariyb ikki barobar kamaygan. Chunki u paytda poytaxt hududida ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari, sanoat zonalari mavjud edi.
Bu kabi tabiiy va antropogen omillarning barchasi atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lyapti.
Transport logistikasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish havo ifloslanishini bartaraf etishga ta’sir ko‘rsatadi. Transport vositalarining dvigateli yonib turgan holatda uzoq to‘xtab turishi zaharli gazlar eng ko‘p chiqishiga sabab bo‘ladi. Demak, tirbandliklar, svetoforda turib qolish holatlarini kamaytirish, umuman, transport logistikasini yaxshilash orqali atmosferani yaxshilashga erishish mumkin.
Bundan tashqari, qurilish madaniyatiga rioya qilish, shaharsozlik masalalarini tartibga solish lozim. Toshkent nisbatan past tekislikda joylashgan. Osmono‘par binolarni qurishda shamol esish yo‘nalishlarini inobatga olish lozim.
Shu bilan birga, yashillik darajasini ko‘paytirish ekologik muammolar ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi. Tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahridagi 66 gektarlik Botanika bog‘i 47 ming aholini sof kislorod bilan ta’minlaydi. Yoki 40 yashar bitta daraxt yiliga 120 kg sof kislorod ishlab chiqaradi va 3 nafar insonni kislorod bilan to‘yintira oladi. Bundan tashqari, yashillik shovqinni ushlab qoladi, biofiltr vazifasini o‘taydi.
– Xorijiy tajribaga e’tibor qaratsak, Yaponiya, Xitoy, Koreya kabi rivojlangan davlatlarda ham bir paytlar megapolis shaharlarining o‘ta ifloslanishi holatlari kuzatilgan. Vaholanki, u shaharlar aholisi Toshkent aholisidan bir necha barobar ko‘p, transport harakati ham yuqori. Bu kabi davlatlar atmosfera bilan bog‘liq muammolarni qanday mexanizmlar bilan tartibga soldi?
— Darhaqiqat, Yaponiyaning Tokio shahri aholisi Toshkentning aholisidan 5 barobar, transport vositalari esa 10 barobar ko‘p. Seulda esa aholi soni 3 barobar, transportlar soni 5-6 barobar ko‘p. Tokioda atmosfera ifloslanishi shu darajaga yetgan ediki, yo‘l chetlarida ma’lum bir masofalarda maxsus kislorod kiosklari tashkil etilgan. Odamlar shu kiosklarga kirib, kislorodga to‘yinib chiqqan va doim niqobda yurishgan. Albatta, bu kabi muammolarga, avvalo, yashillashtirish, transport vositalarini boshqarish mexanizmlarini ishlab chiqish, arxitektura va shaharlarning bosh rejasini to‘g‘ri hisob-kitob qilish orqali yechim topilgan.
Bizda ham transport logistikasini to‘g‘ri tashkil etish, yashillikni ko‘paytirish, sanoat zonalari atrofida yashil belbog‘larni kengaytirish, shaharsozlik jarayonlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali natijaga erishish mumkin. Eng muhimi, har bir jarayonga aniq, to‘g‘ri hisob-kitoblar, ilmiy yondashuvlar asosida yondashish lozim.
— Haqiqatan to‘g‘ri ta’kidladingiz, biror sohani rivojlantirishda yoki muayyan muammoga yechim topishda, albatta, ilmiy yondashuv, ilmiy xulosalar suv va havodek zarur. Shu ma’noda ekologik muammolarni yumshatish, ayni kundagi atmosfera ifloslanishining oldini olish borasida ekolog olimlarimiz qay darajada ishtirok etishyapti, qanday ilmiy takliflar bor?
– Bu borada ekolog olimlarimizning takliflari, tashabbuslari, ixtirolari bor, albatta. Birgina misol, bir guruh olimlar birgalikda tabiatdan toza yashil vodorod yoqilg‘isini olish texnologiyasini ishlab chiqdik va ixtiromiz uchun patent olganmiz. Agar transportlarda siqilgan vodorod yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan bo‘lsa, atrof-muhitga hech qanday chiqindi chiqarilmaydi, suv bug‘i chiqariladi xolos. Vodorod XXI asr energiya manbai desam, to‘g‘ri bo‘ladi.
Yana bir taklif ishlab chiqqanmiz. Burg‘ilash jarayonidagi chiqindi suvlarni cho‘llarda qum ko‘tarilishining oldini olish maqsadida qoplama sifatida ishlatish mumkin.
Umuman, ekologiya sohasida ko‘plab ilmiy izlanishlar, ishlanmalar, g‘oyalar bor. Eng asosiysi, olimlarning ilmiy ishlarini, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga tatbiq qilish lozim. Mavjud intellektual salohiyatdan samarali foydalanish davlatning eng muhim funksiyasi.
— Bugun atmosfera muammolariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Unda belgilangan vazifalar, chora-tadbirlar atmosferani yaxshilash bo‘yicha kutilgan natijalarni beradimi?
Albatta, beradi. Haqiqatan ushbu farmonda juda ko‘plab muhim choralarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Birgina shahar atrofida yashil halqani barpo etish vazifasini oladigan bo‘lsak, buni tezlashtirish kerak. Chunki ko‘chat ham voyaga yetib, daraxt bo‘lgunigacha ancha vaqt kerak. Umuman, hamma o‘zini vazifasini bajarsa, vazifalar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, izchillik bo‘lsa, ishlar ilmiy yondashuvlar asosida tashkil etilsa, albatta, kutilgan samaraga erishiladi.
PS: Suhbat davomida sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida tozalagich inshootlar, filtrlar o‘rnatilgani holatlari haqida ham so‘z bordi. Shuningdek, ekolog olim quyosh panellarini, tozalagich inshootlari va filtrlarni mahalliylashtirish, yangi texnologiyalar, kimyoviy va biologik uslublar, ekologik indikatorlarni ishlab chiqish, ekologik rayonlashtirish, shamol atlasini ishlab chiqish kabi bir qator takliflarni bildirdi.
Batafsil quyidagi videohavolada.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q0BuLYJatp4" title="Atmosfera ifloslanishi: olimlarning ilmiy yondashuv va yechimlari bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Doniyor Yoqubov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA