Asriy taom: sumalak Navro‘zning noyob tuhfasidir
Xalqimizda shunday yaxshi an’ana bor, har yili momolarimiz, onaxonlarimiz Navro‘z bayrami sabab doshqozonlarda sumalak pishiradi. Bu bayramni sumalaksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Mana, o‘lkamizga bahor ayyomi kirib keldi. Bu yilgi qish har yilgiga qaraganda qorli, sovuqli bo‘ldi. Bobodehqonlarimizning aytishlaricha, qishda qanchalik qor ko‘p yog‘sa, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lar ekan.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti har yilgi Navro‘z ayyomini ana shunday sumalak taomini tayyorlashdan boshlaydi. Avvalambor, institut jamoasi tomonidan tevarak-atrof tozalanadi, daraxtlar oqlanadi.
Sumalak, Navro‘z haqidagi rivoyat, afsonalar, purhikmat so‘zlar qalbimizda muhrlanib qolgan. Sumalakni qanday pishirilgani haqidagi quyidagi rivoyatni juda maroq bilan tinglardik. Dehqon buva bahor kelishi bilan urug‘likka olib qo‘yilgan oxirgi donini suvga ivitib qo‘yadi. Lekin birdaniga havo buzilib, bug‘doy ivitilgan idishda nish urib o‘sa boshlaydi.
Dehqon tavakkal qilib, nish urgan va ancha bo‘y ko‘targan donni qiymalaydi va uy bekasiga bundan taom pishirishni iltimos qiladi. U qozonga solib uzoq vaqt qaynatadi. Taom shunday shirin pishibdiki, uning yoqimli, o‘zi to‘yimli, mazasi esa og‘izda qolarli chiqibdi. Taom borgan sari xalq o‘rtasida tarqalib, bahorning lazzatli ne’matiga aylanibdi. Keyinchalik donni faqat urug‘likkagina emas, balki sumalak pishirish uchun ham olib qo‘yadigan bo‘lishibdi. Urug‘likka olib qo‘yilgan dondan mo‘l-ko‘l hosil ko‘tarilsa, sumalakka asralgan dondan esa kishilar o‘zining sog‘ligi, tetikligi va bardamligini tiklash uchun hayotbaxsh oziq tayyorlaganlar.
Ha, sumalak yilda bir martagina tayyorlash mumkin bo‘lgan noyob taomdir. Shifokorlarning ta’kidlashicha, sumalak tarkibida inson a’zolarini qonga va limfa suyuqliklariga juda tez to‘yintiradigan monoxorid bor ekan. Uning oqsili ham juda nozik bo‘lib, tana a’zolari, badandagi hujayralar uchun eng yaxshi ozuqa hisoblanar ekan. Uning tarkibida inson organizmi uchun zarur bo‘lgan S va Ye kabi vitaminlar mavjud.
Sumalak gipertoniya kasalligiga eng yaxshi davo, organizmdagi qon tarkibini yaxshilaydi. Tomirlar toraygan bo‘lsa, qonni suyultiradi. Oshqozon va ichak yo‘lini tozalaydi, uning faoliyatini kuchaytiradi, ya’ni ichni yaxshi yurishtiradi. Kishining issig‘i ortib ketsa, uni darrov tushiradi.
Sumalak Navro‘zning ana shunday noyob tuhfasidir. Qozon boshida mijja qoqmay chiqqan sumalakchi ayollarning, yosh qizlarning sho‘x o‘yin-kulgilari, laparlarida ezgulik aks etadi, bularni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Bunday ezgulik qatnashchilarining dillari ham, ichki olami ham sof, pokiza bo‘ladi. Ana shuning uchun bo‘lsa kerak, Navro‘z bayramida sumalak pishirish asrlar osha bizga meros bo‘lib kelmoqda.
Marhamat MATVAFAEVA,
O‘zRFA Botanika instituti
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gerbariysi
Biologiya fanlari nomzodi