Askarlar Amir Temur maydonida qasamyod qildi
Samarqandda joriy yilgi chaqiruv mavsumida Milliy gvardiya qo‘shinlari tarkibiga muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan askarlarning “Vatanga qasamyod qabul qilish” marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Samarqand shahridagi Amir Temur haykali o‘rnatilgan maydonda o‘tkazildi.
Marosimda askarlar va ularning ota-onalari bilan birga Samarqand viloyat hokimligi, Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoatchilik vakillari, faxriylar kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Harbiy xizmat sharafli va mas’uliyatli burch bo‘lishi bilan birga yurt tinchligi hamda xalq osoyishtaligini ta’minlash har bir yigitning muqaddas vazifasi ekani qayd etildi.

Tantanali tadbirda yosh askarlar Vatanga sodiq xizmat qilish, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilish, Konstitutsiya va qonunlarga qat’iy rioya etishga qasamyod qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA