Asalarichilikdagi muammolar qachon hal qilinadi? (+video)
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Xumson qishlog‘i Ugom tizmasi g‘arbiy chekkasining janubiy-sharqiy yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, Ugam daryosi bu yerning noyob tabiatiga, o‘ziga xos takrorlanmas landshaftlariga rangli chizgilarini bergan va chor-atrofga beqiyos go‘zallik ulashgan.
Tog‘ hududida yoz biroz kechroq keladi va ayni kunlarda baland qoyalar atroflari yanada jonlanib, ularning bag‘rida xuddi bahordagidek o‘simliklar qiyg‘os gul ochgan.
20 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Habibulla Ubayev bir necha kun avval 200 qutida asalari inlari olib, tog‘ yon bag‘ridan makon qildi. Zero, bu maskanda may asalining mavsumi endi keldi. Xorijdan olib kelingan ona arilarini ehtiyotkorlik bilan yangi joylarga moslashtirdi, so‘ng ularni ko‘paytiradi. Shunday qilib yangi kuchli avlod tog‘ o‘simliklaridan oziqlanib, ona tabiat bergan in’omlarni yig‘ishni boshlaydi.
- Habibulla aka, aynan nima uchun asalariga bu yerni tanlagansiz?
- Bu yerda yoz chillasi kirganidan keyin tog‘ giyohlari ko‘payadi va asalari uchun bu muhim ozuqa hisoblanadi. Asosan kiyik o‘ti va tog‘ rayhonidan olinadigan asal uchun bu yerlarga chiqamiz. Ushbu asal shifobaxsh hisoblanadi, mazasi o‘tkir, kristali mayin bo‘ladi. Shahar aholisi aynan tog‘ asaliga o‘rgangan.Ona arilarimizni har 6 oyda Germaniyadan olib kelamiz va almashtiramiz. “Elgon-montikola” turiga mansub asalarilarni ko‘paytiramiz. Ular bizni arilardan ko‘ra sal yirikroq bo‘ladi.
- Bir asalari inidan bir mavsumda qancha asal mahsulotini olish mumkin?
- Bizni joyimiz statsionar nuqta hisoblanadi. O‘rta hisobda bir qutidan 10 kilogramm asal olamiz. Agar ko‘chib yuriladigan bo‘lsa 25-30 kilogramm, hattoki 35-40 kilogrammgacha asal olishimiz mumkin.
- Bugungi kunda bu soha vakillari qanday muammolarga duch kelmoqda?
- Asosiy muammolarimiz pestitsidlar sepiladigan dala maydonlari. Hasharotlarimiz tez zaharlanadi. Chunki, ulardagi retseptorlar juda yaxshi rivojlangan. Ayniqsa paxta gullaganda sepiladigan kimyoviy vositalar ularning qirilib ketishiga sabab bo‘ladi.
Eko laboratoriyalar tashkil qilinsa, filtrlardan o‘tkazib, chetga eksportni oshirsak asalarichilik rivojlanib ketadi. Barcha xorijiy davlatlarda bu sohaga oid qonun bor. Bizda esa endi tayyorlanayapti. Agar ushbu qonun ishlab ketsa asalarichilik keng rivojlanib ketadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VhqTSXzxpX8" title="Asalarichilikdagi muammolar qachon hal qilinadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA